Bosh konsullik uchun nega Samarqand tanlangan?

2021 yil 7 mart kuni Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasi ochilgan edi. O‘zbekiston va Turkiya fuqarolariga konsullik xizmatlari ko‘rsatish, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan konsulxona o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni qay darajada bajarmoqda? Bu haqda bosh konsul Salih Janer bilan suhbatlashdik.

– Salih Janer janoblari, Samarqandda ish boshlaganingizga ham bir yildan oshdi. O‘tgan bir yilning hayotingizdagi o‘rni qanday bo‘ldi?

– Avvalo, men Samarqandga hayotimdagi unutilmas kunlarda kelganimni alohida qayd etishim kerak. Ya’ni, 2021 yil 10 fevralda doktorlik ishimni himoya qildim. 11 fevralda tug‘ilgan kunimni nishonlab, 12 fevralda kelganman va bu unutilmas sana bo‘lib qolgan. Keyin qariyb bir oy bosh konsulxona ochilishi tashvishlari bilan bo‘ldik, turli idoralarda, Samarqand viloyati hokimligida uchrashuvlar o‘tkazdik, ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rdik.

Ikkinchi muhim jihat – biz Samarqandni ulug‘ allomalar yashagan zamin, dunyoning buyuk shaharlaridan biri deb bilganmiz va mehr qo‘yganmiz. Bu yerga kelganimdan so‘ng kitoblarda o‘qiganlarimga, eshitganlarimga ko‘rib guvoh bo‘ldim. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Shohi Zinda qadamjolarini ziyorat qildim. Registonni, Amir Temur maqbarasi va boshqa tarixiy obidalarni borib ko‘rdim. Samarqandliklar juda mehmondo‘st, samimiy insonlar. Sayyohlarni tanimasalar-da mehmon qilishadi, izzat-ikrom ko‘rsatishadi. Bu qadimiy kentning tabiati ham, shirin-shakar mevalari-yu zilol suvlari ham betakror.

– Yaxshi bilamiz, o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari bir necha asrlik tarixga ega. Ammo ikki qardosh xalq munosabatlarida turli davr va yillarda tanaffuslar bo‘ldi. Keyingi besh yilda davlat rahbarlarining yaqin do‘stlik va qat’iy siyosatlari tufayli hamkorlik munosabatlari qayta tiklandi va jadal rivojlanmoqda. Samarqandda bosh konsulxona ochilishi ham ana shu aloqalar mahsuli deyish mumkin. Sir bo‘lmasa, ayting-chi, nega aynan Samarqand tanlandi?

– Samarqand – poytaxt Toshkentdan keyin O‘zbekistondagi eng yirik shahar. Bu – birinchi sabab. Ikkinchidan, yuqorida aytganimdek, Samarqand tarixiy, dunyoga mashhur shahar, ko‘plab buyuk allomalar, olimu fuzalolarga beshik bo‘lgan, ularni kamolga yetkazgan. Umuman, biz Samarqand, Buxoro, Xiva singari shaharlarni juda qadimiy va boy madaniyatga ega maskanlar deb bilamiz va qadrlaymiz. Bir yillik faoliyatim davomida Bosh konsullik uchun Samarqandning tanlangani juda to‘g‘ri qaror bo‘lganligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

– Bosh konsullikning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

– Asosiy vazifamiz – o‘zbek va turk fuqarolariga konsullik xizmatlari ko‘rsatish. O‘zbekistonda yashab turgan Turkiya fuqarolarining pasportlarini, ID-kartalarini yangilash, harbiy xizmatni kechiktirish, notarial harakatlarni, turli idoralar bilan yozishmalarini amalga oshirish va boshqa shu kabi yumushlarni bajaramiz. O‘zbekiston fuqarolarining viza masalalari, Turkiyadagi idoralarga xatlar va so‘rovlar yuborish, notarial harakatlar bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqamiz. Xususan, Turkiyada mehnat faoliyatini olib borish, tibbiy xizmatdan foydalanish, ta’lim olish uchun viza so‘rab murojaat qiluvchilar ko‘p bo‘ladi. Bizga asosan, Jizzax viloyatidan Qoraqalpog‘iston respubikasigacha bo‘lgan hududlarida yashovchilar murojaat qilishadi.

Bundan tashqari, davlatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratyapmiz. Shu maqsadda Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan, viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi rahbarlari, tadbirkorlar bilan muntazam uchrashib turamiz, o‘zaro fikr almashamiz. Umuman, bir yil davomida Samarqandning iqtisodiy imkoniyatlarini o‘rgandik, tumanlarga bordik. O‘z navbatida Turkiyadagi tadbirkorlar, tegishli kompaniya va idoralar bilan o‘zbekistonlik ishibilarmonlar muloqotlarini yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shdik.

– Turkiyalik ishbilarmonlar hozirda O‘zbekistonda qaysi sohalarga investitsiya kiritish, tadbirkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda?

– Samarqand misolida aytadigan bo‘lsam, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalarida turkiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlik ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Gilam ishlab chiqarishga e’tibor juda katta. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash sohasi ham istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Yaqinda turkiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlikda Samarqandda xususiy tibbiy markaz tashkil etilgani ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.

– Turizm sohasida-chi? Ayniqsa, ziyorat turizmi O‘zbekiston uchun juda istiqbolli hisoblanadi.

 – To‘g‘ri, O‘zbekistonning, xususan, Samarqandning turistik salohiyati juda yuqori. Bundan samarali foydalanish maqsadida ayni paytda olib borilayotgan ishlar e’tiborga loyiq, albatta. Yangi mehmonxonalar, sayyohlik ob’yektlari qurilmoqda. Davlat tomonidan soha vakillariga ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berilgan. Samarqand xalqaro turistik markazi qurilayotgani viloyatning turistik imkoniyatlarini oshiradi. Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil etilgani ham sohaga bo‘lgan yuksak e’tibordan dalolat beradi. Ziyorat turizmi bo‘yicha muqaddas qadamjolarning obod qilinayotgani quvonarli.

O‘zim ham tez-tez Registonga boraman, sayyohlarni kuzataman, ularga ko‘rsatilayotgan xizmat bilan qiziqaman. Va turizm yo‘nalishida hamkorlik qilayotgan firmalarga o‘z tavsiyalarim, takliflarimni aytib turman. Hozirgi sharoitda O‘zbekistonga sayyohlarni ko‘proq jalb qilish uchun xizmat ko‘rsatish sohasini yana rivojlantirish kerak.

– Keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining muntazamlik kasb etgan tashriflari davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga bu galgi rasmiy tashrifidan nimalar kutilmoqda?

– Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan davlat. Demoqchimanki, yuqorida aytganingizdek, uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yo‘lga qo‘yilgan diplomatik munosabatlarimiz o‘ttiz yillik tarixga ega. Lekin ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, qat’iyati hamda ular o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari tufayli 2017 yildan boshlab O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari rivojlanmoqda. Bunda Prezidentlarning tashriflari, xalqaro tadbirlar chog‘idagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar mustahkam poydevor, huquqiy asos bo‘lmoqda.

Raqamlarga e’tibor bering. O‘tgan yil davlatlarimiz o‘rtasida 3,6 milliard dollarlik savdo aylanmasi qayd etildi. Bu yil esa ushbu ko‘rsatkichni 5,8 milliard dollardan oshirish ko‘zda tutilgan.

Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga bu galgi tashrifi davlatlarimiz o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yangi pog‘onada davom ettirishga xizmat qilishi shubhasiz.

– Vaqt ajratib savollarimizga javob berganingiz uchun rahmat!

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.