Bozorda savdo qilishning ham qoidalari bor
Bugun butun dunyo aholisini xavotirga solayotgan koronavirus infeksiyasi xalqimizni yanada hamjihat bo‘lishga undamoqda. Ommaviy axborot vositalarida saxovatpesha tadbirkorlarning kam ta’minlangan oilalarga ko‘rsatayotgan yordamlari, tarqatilayotgan tibbiy vositalar olqishga sazovor, albatta. Ammo ba’zi “uchar” tadbirkorlar toifasi borki, sinovli kunlardan foydalanib cho‘ntagini qappaytirish payiga tushib qolishgan. Bu to‘g‘risida ham ko‘plab ma’lumotlar berib borilmoqda.
Narpay tumani “Mirbozor dehqon bozori”da tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida navbatdagi “uchar” tadbirkorning faoliyatiga chek qo‘yildi. Fuqaro S.M. hech qanday hujjatlarsiz 4500 so‘mdan kartoshka pullayotgan ekan. Uning 3 million 600 ming so‘mlik mahsulotlari vaqtincha olib qo‘yildi. Albatta, u faoliyatini qonuniylashtirib faoliyat boshlasa, mahsuloti tegishli tartibda qaytarib beriladi.
Aholida “Axir u dehqon bo‘lishi mumkinku. Nimaga dehqon bozorda o‘z mahsulotlarini sotishi uchun ham hujjat rasmiylashtirishi kerak”, degan haqli savollar tug‘ilishi mumkin. Ushbu savolga batafsil javob berib o‘tamiz.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish qoidalarining 48-bandiga asosan jismoniy shaxslar – dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari, bog‘bonlar va polizchilar, yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar jihozlangan savdo o‘rinlarida, bir martalik yig‘imni majburiy to‘lagan holda dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishi mumkin.
O‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun jismoniy shaxslarga o‘rinlar ushbu qoidalardagi ilovaga muvofiq, tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, bog‘dorchilik-uzumchilik yoki polizchilik shirkati boshqaruvi tomonidan berilgan, sotilayotgan mahsulot jismoniy shaxs tomonidan unga yoki uning oila a’zolariga ajratilgan yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi, belgilangan shakldagi hujjat (ma’lumotnoma) taqdim etilgan taqdirda beriladi.
Ma’lumotnomada jismoniy shaxs doimiy yashaydigan joyning manzili, yer uchastkasining joylashgan joyi va maydoni, bir yilda o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini sotishning mumkin bo‘lgan hajmi majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.