Bozorda tartib bo‘ladimi?
Bozorlar aholi kayfiyatini, turmush farovonligini ko‘rsatuvchi maskan. Bu yerdagi savdo madaniyati, tozalik va tartib bayram arafasida aholi kayfiyatini belgilaydi. Ammo hamma bozorlarda ham tozalikka rioya qilinadimi, sotilayotgan mahsulotlar sanitariya talablariga javob beradimi? Shu savollarga javob izlab Kattaqo‘rg‘on tumani “Payshanba dehqon bozori”da bo‘ldik.
2 gektardan ortiq maydonda joylashgan bozorda 500 ta savdo o‘rni bor, 2 ta veterinariya laboratoriyasi tashkil etilgan.
- 2019 yilda o‘z mablag‘imiz hisobidan 80 ta savdo o‘rniga ega bo‘lgan qo‘shimcha rasta qurdik, - deydi jamiyat raisi G‘ofur Murodov. – Bozor hududidagi barcha yo‘laklarni betonlashtirdik. Hozirda tadbirkorlarning o‘z mablag‘i hisobidan 30 ta do‘kon qurilyapti.
Bu yerda boshqa bozorlarga qaraganda, tartib ko‘zga tashlanadi, yo‘laklar chang va loydan xoli, shovqin-suron deyarli yo‘q. Ammo bozorning asosiy kirish qismidagi xonalar tartibsiz, avtomashinalar uchun turargoh yo‘qligi sababli bozor oldida tirbandlik kuzatiladi. Bozorda rastadan tashqari, yerda savdo qiluvchilar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarining chiqindilarini yo‘lakka tashlash holatlari ham kishi ta’bini xira qiladi. 15-20 nafar qassob go‘sht sotarkan. Ularning aytishicha, bozorga go‘sht keltirgan qassob birinchi kuni 19 ming so‘m, agar go‘shtni sota olmasa ertasi kuni 10 ming so‘mdan chek beradi. Lekin birorta go‘sht rastasida 10 ming so‘mlik chekni ko‘rmadik. Bozorda 30 ta go‘sht rastasi bo‘lsa-da, ochiq holda go‘sht sotayotgan sotuvchilar ham bor.
Sotuvchilar sanitariya qoidalariga amal qilmasdan savdo qilishmoqda. Bozorda sotilayotgan zig‘ir yog‘ining sifati esa hech qanday tekshiruvdan o‘tkazilmagan. Mahsulotlar uchun alohida rastalar tayyorlangan bo‘lsa-da, bozorda mahsulotlarning aksariyati aralash holda sotilmoqda. Qandolat mahsulotlari, shirinliklar ham ochiq holda savdoga qo‘yilgan.
Sotuvchi 10 ming to‘laydi, pattachi esa 5 ming so‘mga chek beradi
Sotuvchilar kunlik savdo uchun 10 ming so‘mdan to‘lashlarini aytishdi. Ammo ularga 5 ming so‘mlik chek berilgan. Qolgani...
Bozor hududidagi 4 ta oshxonani kuzatdik. Oshxonalarda xavfsizlik talablariga amal qilinmaydi, oshpazlar sanitariya talablariga zid ravishda taom tayyorlashyapti. Umuman, ovqat tayyorlab sotish talablari buzilgan.
- Bizning asosiy vazifamiz sotuvchini joy bilan ta’minlash, - deydi bozor rahbari. – Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari har kuni bozorga kelib, tozalik bo‘yicha ish olib borishmoqda.
Bozor to‘kin-sochinlikni namoyon etish bilan birga aholi savdo iste’mol madaniyatini ko‘rsatuvchi maskan hamdir. Rahbar aytganidek, bozorga har kuni sanitariya xodimi kelayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo tozalik bo‘lmasa, salomatlikka xavfli mahsulot sotilaversa, bunday xodimlarning kelishidan nima naf?
Dehqonobodning dehqon bozori qachon obod bo‘ladi?
Urgut tumani Dehqonobod mahallasidagi bozorda rekonstruksiya ishlari boshlanganiga qariyb bir yil bo‘ldi. Ammo hali bu ishlar oxiriga yetmagan. Avtomobillar turar joyi yo‘qligi sabab haydovchilar mashinalarini duch kelgan joyga qo‘yib ketaverishi bozor yonidagi katta ko‘chada tirbandlikni vujudga keltirmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotgan joylar sanitariya talablariga javob bermaydi. Hududda obodonlashtirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini burchak-burchaklarda chiqindilar yig‘ilib yotganidan ham bilsa bo‘ladi. Bozor hududi va uning atrofida umumiy ovqatlanish joylari (ularni oshxona, deb bo‘lmaydi) achinarli ahvolda.
- Bozor ma’muriyati ikki xonadan iborat ko‘rimsiz binoda faoliyat yuritardi, - deydi “Dehqonobod bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Jamshid Ergashev. – Hozirgi paytda 6 xonadan iborat zamonaviy bino qurildi. Veterinariya va sanitariya ekspertiza laboratoriyasi uchun alohida xona ajratilgan. Katta savdo ayvoni qurildi. Tadbirkorlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan eski 56 ta do‘kon buzilib, o‘rniga shu paytga qadar 15 ta ikki qavatli do‘konlar bunyod etildi. Mol bozor uchun 2 ta ayvon tashkil etildi, atrofi devor bilan o‘raldi. Bu qurilish-ta’mirlash ishlariga 210 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Rekonstruksiya ishlari davom etayotgani uchun ayni paytda bozorimiz tartibsiz ahvolda. 2021 yilgacha bu ishlar yakuniga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 750 savdo o‘rniga ega bo‘lgan ko‘rkam bozor vujudga keladi.
Bozordagi yangi binoda joylashgan laboratoriya sharoitlari bilan tanisholmadik. Mudir Zaynobiddin Murodullayev bozor hududida yurgan bo‘lsa-da, laboratoriyaning eshigini ochishni istamadi. Sababini so‘raganimizda u goh kaliti uyida qolganini, goh kimdir mashinasining kalitiga qo‘shib olib ketganini, keyinroq tushirib qo‘yganini aytdi. Xullas, turli bahonalar bilan laboratoriya eshigini ochmadi. Aynan shu eshikka juda yaqin, sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan joyda kalla-pocha sotilishi, xaroba ahvoldagi binoda xo‘randalar ovqatlanayotganini, savdo rastalariga yaqin joyda itlar yurganini nima bilan izohlash mumkin?
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
To‘lqin SIDDIQOV.