Britaniyalik olimlar mashhur Damashq po‘latining vatani O‘zbekiston ekanini aytishmoqda
Buyuk Brtaniyaning London shahridagi mashhur “Travellers Club”ida “Yangi O‘zbekiston: bebaho madaniy tashabbuslar” mavzusida media-ivent o‘tkazildi.
Tadbirga O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etayotgan bir guruh britaniyalik olimlar va mutaxassislar taklif etildi.
Xususan, London universiteti, Arxeologiya instituti ekspertlar guruhi o‘z taqdimotida Sharqda dovruq taratgan Damashq po‘lati bugungi O‘zbekiston hududidan qazib olingan temir rudalaridan ishlanganini ma’lum qilishdi. Doktor Milyana Radzyavovich boshchiligidagi olimlar bir paytlar O‘zbekiston hududidagi konlardan qazib olingan ruda namunalari, qimmatli tog‘ jinslari va xomashyo mahsulotlarini tekshiruvdan o‘tkazib, ana shunday qarorga kelishganini ta’kidladi.
Shuningdek, Farg‘ona vodiysidagi Axsikent hududidan tigel po‘lati qazib olish va ishlab chiqarish ko‘lamini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan.
Milyana Radzyavovichning aytishicha, “IX asrdan boshlab Markaziy Osiyoda, xususan, bugungi O‘zbekiston, Turkmaniston va Hindiston hududlarida bir qator po‘latni qaytash ishlash markazlari faoliyat ko‘rsatgan. Muttasil savdo aloqalari va mahsulot ayirboshlash orqali ilk islom madaniyati davrida Markaziy Osiyoda ishlangan po‘lat Damashqqacha kirib borgan. Ushbu xomashyodan damashqlik ustalar dunyoga mashhur qilich va shamshirlarni yasashgan”.
O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ushbu tadqiqotning ahamiyatini alohida ta’kidladi:
«Britaniyalik olimlarning ushbu izlanishlari biz uchun g‘oyat muhim. Hozir biz o‘ta shov-shuvli kashfiyot ostonasida turibmiz. Bu kashfiyot nafaqat mashhur Damashq qilichlari haqidagi an’anaviy tasavvurlarni o‘zgartiradi, balki O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lida qanchalik muhim rol o‘ynaganini yana bir bor isbotlaydi”.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbir O‘zbekiston hukumati, mamlakatimizning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi elchixonasi ko‘magida, O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati, O‘zEOAVMA, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va xalqaro «Eriell Group» kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.