Bu yil Samarqandda 30 ming tonna baliq yetishtirish mo‘ljallangan
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan jurnalistlar va blogerlar uchun Samarqanddagi baliqchilik xo‘jaliklariga press-tur tashkil etildi.
Ma’lumotlarga kura, bugungi kunda Samarqand viloyatida jami 448 ta baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Shundan 443 ta xo‘jalik 1957 gektar sun’iy suv havzalarida va 5 ta ijarachi korxonalar 7987 gektar tabiiy suv havzalarida ish olib boradi.
2020 yilda viloyatda 20 ming tonna baliq yetishtirildi. Shuningdek, o‘tgan yil davomida umumiy qiymati 45,4 milliard so‘m bo‘lgan 29 ta yangi baliqchilik loyihalari amalga oshirildi.
2021 yilda Samarqand viloyatida baliq yetishtirish hajmini 30 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Press-turning birinchi manzili "Kattaqo‘rg‘on jayhuni" fermer xo‘jaligi bo‘ldi.
Kattaqo‘rg‘on tumani Ko‘kcha qishlog‘i hududida joylashgan ushbu fermer xo‘jaligi 2009 yilda tashkil etilgan. Bu yerda 40 gektar sun’iy, 1300 gektar tabiiy suv havzasida baliq yetishtirib kelmoqda. Bu yerda asosan, sazan, oq amur, oq va qora do‘ngpeshona, karas hamda usach baliqlari boqiladi.
- Baliqchilik klaster xo‘jaligimizda quvvati 50 million dona bo‘lgan baliq lichinkalarini ishlab chiqaruvchi inkubatsiya sexini ishga tushirdik, - deydi xo‘jalik rahbari Sobir Yo‘ldoshev. - 25 gektar maydonda baliq chavoqlari yetishtiriluvchi reproduktor havza, 50 tonna quvvatli baliqni qayta ishlovchi file sexi, 200 tonna quvvatli baliq va baliq mahsulotlari saqlanadigan muzlatkich hamda 500 tonna quvvatda baliq ozuqasini ishlab chiqaruvchi korxonamiz mavjud.
Mazkur baliqchilik xo‘jaligida mavsumiy 18, doimiy 8 nafar ishchi ishlaydi. Xo‘jalik tomonidan 2020 yilda 1,8 tonna baliq yetishtirildi. Xo‘jalikni rivojlantirish uchun 151 million so‘m subsidiya ajratildi.
Keyingi manzil Past Darg‘om tumanida joylashgan “Po‘lat baliq” MChJ bo‘ldi. 2012 yilda tashkil topgan jamiyat 14 gektar sun’iy havzada yarim intensiv va intensiv (yopiq suv aylanma tizimi) usulda sazan, Afrika laqqasi, oq amur, oq do‘ngpeshona hamda tilyapiya baliqlarini yetishtirib kelmoqda.
Ushbu klasterda hozirda quvvati 30 million dona bo‘lgan baliq lichinkalarini ishlab chiqaruvchi inkubatsiya sexi, baliq chavoqlarini yetishtiruvchi 5 gektar reproduktor havza, 50 tonna quvvatli baliqni yarim tayyor holda qayta ishlovchi sex hamda 350 tonna quvvatda baliq yemini ishlab chiqaruvchi korxonalari mavjud.
Xo‘jalik tomonidan 2020 yilda 110 tonna baliq yetishtirilgan hamda 67 million so‘m subsidiya olingan.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).