Bu yil test sinovlari ochiq maydonlarda o‘tkaziladimi yoki pavilonlarda?

Abituriyent va ularning ota-onalarini qiziqtiruvchi bu kabi savollarga Davlat test markazi Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Vohid SIRLIBOYeV javob berdi

- Bu yilgi test savollarining o‘tgan yilgidan qanday farqli tomonlari bor?
- Bu yilgi test sinovlarida ham barcha test topshiriqlari umumta’lim maktablari o‘quv dasturlari doirasida shakllantirilgan. Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilayotgan kirish test sinovlarida oson, o‘rta va qiyin darajadagi test topshiriqlaridan foydalaniladi. Test topshiriqlarini shakllantirishda avvalo, abituriyentning yodlash qobiliyatini emas, balki uning amalda qo‘llay olish ko‘nikma va bilimlarini aniqlashga mo‘ljallangan savollardan foydalanishga e’tibor qaratildi. Bu yilgi test savollarini tuzishda maktablardagi o‘qitilish tillari inobatga olindi. Masalan, rus tili va adabiyoti (o‘zga tilli sinflar uchun), rus tili va adabiyoti (rus tilidagi sinflar uchun).

- Joriy yil abituriyentlardan qanday hujjatlar talab qilinadi?
- Abituriyentlarga hujjatlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Ya’ni, abituriyentlar YaIDXP https://my.gov.uz tizimi hamda Davlat test markazining https://my.dtm.uz tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Agar abituriyent Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha yoki boshqa xizmatlardan foydalanish maqsadida oldin ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, uning yangidan ro‘yxatdan o‘tishi shart emas. Mavjud akkauntidan foydalangan holda “Abituriyentni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish” bo‘limi orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Yangidan ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyent shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID-karta)ning asli kerak bo‘ladi. Chunki mazkur hujjatlarda JShShIR raqami beriladi. Ro‘yxatdan o‘tish tizimida ushbu ma’lumotlarni kiritish majburiy bo‘lgan bandlar mavjud. Fanlar bo‘yicha imtiyoz beruvchi xorijiy sertifikat (IELTS, TOEFL va h.)larning elektron nusxasini ilova qilgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Agar abituriyent biror imtiyozga ega toifaga mansub bo‘lsa, unga tegishli imtiyozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tgan kabinetida o‘z aksini topadi. Mabodo, ushbu imtiyoz beruvchi ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tgan kabinetda ko‘rinmasa, abituriyent hujjatning asli hamda pasporti bilan mazkur hujjatni taqdim qilgan tashkilotga uchrashishi kerak.

- Kimlar hujjat topshirish payti to‘lovni amalga oshiradi?
- Test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan oldingi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun BHMning yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Bunda quyidagi toifadagi abituriyentlardan to‘lov undirilmaydi:
• test sinovi tashkil etilayotgan yilda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar;
• nogironligi bo‘lgan shaxslar;
• to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar (“Mehribonlik uyi” va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari).
Prezidentimizning 2022 yil 20 apreldagi PF-113-son farmoni bilan ikki toifadagi abituriyentlar ham to‘lovdan ozod etildi:
• “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;
• “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar.
Demak, 2022 yil 1 iyundan boshlab, mazkur ikki toifadagi abituriyentlardan ham test sinovi uchun to‘lov undirilmaydi.

- Test sinovlari ochiq maydonlarda o‘tkaziladimi? Samarqandda qaysi hududlarda test sinovlari bo‘lib o‘tadi?
- Viloyatimizda bu yilgi kirish test sinovlariga ikki xil variantda tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Hozirda yopiq tipdagi katta sig‘imli sport zallari va pavilonlar tanlanib, reja-chizmalari tasdiqlangan. Bular – SamDU akademik litseyi sport zali, Samarqand sportning yengil atletika va o‘yin turlariga ixtisoslashtirilgan BO‘SM sport zallari, SamDU jismoniy madaniyat fakulteti sport zali hamda Jomboy tumanidagi xalqaro ko‘rgazmalar zali pavilonlari. Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat ochiq maydonlarda o‘tkazishni taqozo qilsa, Samarqand shahri va atrofidagi “Lokomotiv” markaziy jismoniy tarbiya sport klubi Samarqand filiali futbol stadioni, Camarqand shahar 2-son BO‘SM stadioni, “Nurafshon” futbol stadioni, Samarqand tumani va Jomboy tumani BO‘SM futbol maydonlarida test sinovlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.