Bu yilgi test sinovlarida bir qator yangiliklar bor

Yurtimizda yoshlarning oliy ma’lumotli kasb egasi bo‘lish istagi tobora oshib bormoqda. Shular va xorijiy davlatlarning ta’lim sohasi tajribasini o‘rganish natijalari yoshlarimizga yanada keng imkoniyatlar yaratish ehtiyojini keltirib chiqarayotgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 mayda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mazkur qaror asosida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilishda ko‘pgina yangilik va o‘zgarishlar joriy etilmoqda.
Birinchidan, joriy yildan boshlab respublika ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
Ikkinchidan, tashkiliy jihatlarning ko‘p vaqt va kuch talab qilishi, abituriyentlar sonining keskin ortishi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
Uchinchidan, joriy o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovlarda ishtirok etadi. Shuningdek, abituriyent tomonidan ta’lim yo‘nalishlariga ustuvorlik belgilanadi.
To‘rtinchidan, oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim barobari miqdorida yig‘im undiriladi (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno).
Beshinchidan, abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Oltinchidan, 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test fanlari majmuasi ikki bo‘limga ajratilib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchi abituriyentlar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi. Majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari soddalashtirilgan bo‘lib, abituriyentlarning umumiy savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltiriladi.
Yettinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning ma’muriy markazlarida kelgusida test sinovlarini o‘tkazish maqsadida katta sig‘imli bino va inshootlar quriladi.
Shuningdek, abituriyentga o‘zi ro‘yxatdan o‘tadigan, aniqrog‘i, doimiy istiqomat qiladigan joyida yoki boshqa qulay deb bilgan hududda test sinovida ishtirok etish imkoniyati berilishi mumkin – bu ortiqcha vaqt, mablag‘ sarflanishining, sarsonliklarning oldini oladi.
Eslatish joizki, Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga tushgan mablag‘lar test sinovlarini yanada sifatli va qulay sharoitlarda tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyaviy ta’minlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar binolarning ijara to‘loviga, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlash, biometrik, mobil aloqa to‘lqinlarini to‘suvchi qurilmalar va kuzatish kameralari, ota-onalar uchun monitorlar bilan jihozlashga hamda abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, test sinovlarini tashkil etish juda katta qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni talab etadi va jamg‘armaga tushadigan to‘lovlar mavjud xarajatlarni to‘liq qoplash uchun yetarli deb bo‘lmaydi. Tezkor o‘qiydigan optik qurilmalar xaridi, xorijiy ekspertlarni jalb etish va xorijiy vatandoshlarni Davlat test markaziga ishga olish, to‘rt mingdan ortiq guruh nazoratchilariga to‘lanadigan ish haqi, ularga tashkil etiladigan tushlik, test materiallarini sifatli tayyorlash, o‘z vaqtida belgilangan joylarga yetkazib berish, olib kelish, saqlash va shu kabilar kiradi.
Test sinovlariga to‘lovning joriy etilishi amalda tayyorgarliksiz kelayotgan, bilimsiz va g‘arazli maqsad bilan ishtirok etayotgan abituriyentlar sonining va test sinovlari jarayonida o‘zgadan yordam olish yoki yordam berish holatlarining kamayishiga olib keladi. Ushbu holat xorijiy mamlakatlarda keng tarqalgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida joriy etilgan.

Nosir EShONQULOV,
Davlat test markazining
Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i.