Bugun Xalqaro teatr kuni: "Teatr - bu ibratxonadur..."
An’anaga ko‘ra, har yili 27 mart - Xalqaro teatr kuni dunyo bo‘yicha (World Theatre Day) "Teatr - xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va tinchlikni mustahkamlash vositasi" shiori ostida keng nishonlanadi.
Bu g‘oya ilk marotaba 1961 yilda Xalqaro teatr institutining IX kongressida ilgari surilgan va dunyoning 100 dan oshiq davlati uni qo‘llab-quvvatlagan.
Aslida teatr tarixi qadim zamonlarga, ilk teatr namoyishi eramizgacha bo‘lgan 2500 yilga borib taqaladi. Ilk tomoshalar Misrda qo‘yilgan bo‘lsa, qadimgi Yunoniston va Rimda shuhrat topdi. G‘arbiy Yevropa davlatlarida bu san’at turi Moler kabi tili o‘tkir satiriklarning komediyalariyu Shekspir kabi daho fojianavislarning tragediyalari tufayli kishilar ongiga singdi.
Yurtimizda teatr san’atining ilk kurtaklari xalq orasida "qiziq" yoki "masxara" nomi bilan tanilgan artistlar tomonidan to‘y-sayillarda, podsholar saroyida qo‘yilgan sahnaviy ko‘rinishlarga borib taqaladi. XIX asr oxiri - XX asr boshlariga kelib, O‘zbekistonda teatr jadidlar uchun o‘z g‘oyalarini xalq ongiga tushunarli va ta’sirchan usulda yetkazish vositasiga aylandi. Bir vaqtning o‘zida ko‘pchilikka ta’sir qiluvchi san’atning bu turi rivojida Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Munavvarqori singari allomalarning hissasi katta.
Behbudiy qalamiga mansub "Padarkush" dramasining sahnalashtirilishi esa o‘sha davrdagi eng katta hodisalardan biri bo‘lgan.
Bugun esa respublikamizda 40 ga yaqin professional davlat teatrlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda ming-minglab mutaxassislar ishlaydi. Jumladan, ular orasida viloyatimizdagi teatrlar ham o‘z o‘rni va mavqeiga ega.
Xalqaro teatr kuni arafasida, ya’ni 21-27 mart kunlari bu ijodiy jamoalar tomoshabinlarga bepul spektakllar namoyish etdi.
Shu o‘rinda Behbudiyning "Teatr - bu ibratxonadur..." degan gapini esga olish joiz. Insoniyatning ilg‘or fikrli vakillari bu ibratxonani juda qadimdanoq kashf qilishgan va uning darsi asrlar osha hamon eng ta’sirli saboq bo‘lib kelayotir. Shunday ekan, teatr madaniyat o‘chog‘i, tarbiya vositasi bo‘lib xizmat qilaveradi.