Bugunning gapi: Shamning narxi oshibdi
Odatdagidek qishlog‘imizda yana elektr yo‘q. Bugun ham sham yorug‘ida imtihonga tayyorlanadiganga o‘xshayman.
Do‘konlarda shamning narxi oshganiga ancha bo‘ldi. Nachora, qimmat bo‘lsa ham sotib olamiz. Uyga qaytishda yo‘l-yo‘lakay chorrahadagi do‘konga kirdim, do‘kondor sham tamom bo‘lganini aytdi. Ikkinchi do‘konda ham tugagan ekan. Uchinchi do‘konda ham shu javobni eshitib, o‘ylanib turganimda sotuvchi «Sham zarur bo‘lsa, izlashtirib, topib berishim mumkin, faqat bir-ikki so‘m qimmat bo‘ladida», dedi.
- Yaxshi bo‘lardi, bir yordam qiling, - dedim xursand bo‘lib.
Sotuvchi ichkari xonadan 2 dona sham olib chiqdi va menga uzatayotib “20 ming so‘m bo‘ladi", dedi. Ajablanib, «Ikki kun ilgari 2 tasini 10 mingga xarid qilgan edim-ku», deya e’tiroz bildirdim.
Do‘konchi «Ko‘ryapsiz-ku, elektr tez-tez o‘chyapti, sham narxiyam oshyapti, singlim», dedi...
Nahotki, bir hafta-o‘n kun ichida shamning narxi uch baravar oshib ketgan bo‘lsa? Ilgari ham «svet» o‘chardi, lekin sham bu darajada qimmat bo‘lmagan edi-ku?
Har yili qishda shu ahvol bo‘lishini bilaman, biroq bu safar hammasidan o‘tib tushdi. Tabiiy gaz va elektr energiyasi yo‘q. Elektr tarmoqlari idorasiga qo‘ng‘iroq qilsangiz, falon qishloqda elektr simlari uzilgan yoki avariya bo‘ldi, hech bo‘lmasa yog‘ingarchilik bo‘lgani uchun o‘chirildi, degan javobni olasiz.
O‘ylanib qolasan, elektr tarmoqlari idorasidagilar nima uchun yil bo‘yi podstansiyalar va tarmoqlarni to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazmaydi?
Bundan 5-6 yil oldin odamlar elektr tez-tez o‘chishiga ko‘nikib qolib, kam quvvatli lampochka, akkumulyator, dvijok kabi muqobil «svet» beruvchi uskunalar xarid qilib, o‘zlariga sharoit yaratib olishgandi. Endi texnologiyalar tobora jadallashib borayotgan bir zamonda elektrsiz yashash qiyin bo‘lib boryapti.
Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda mas’ullarning muammolar o‘rganilib, hal qilinmoqda, bartaraf etyapmiz, simni almashtiryapmiz, degan gaplarini eshitib, qorong‘i uylarda o‘tiribmiz. Dars qilishga, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishga imkoniyat yo‘q. O‘qituvchilarimizga esa bahonalar o‘tmaydi.
Qimmatbaho shamni avaylab ushlab uyga kelar ekanman, shu fikrlar hayolimdan o‘tdi. Sessiya davomida imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishim uchun bu shamlardan yana qancha yoqamiz ekan?
Marjona HOTAMOVA.