Bulung‘ur: Qishki kiyimda - maktabda bolalar o‘qiyapti, bog‘chada tarbiyalanuvchilar uxlayapti
Bulung‘ur tumani maktablarida ta’lim sifati boshqa tuman maktablariga qaraganda biroz yaxshi. O‘tgan 2018-2019 o‘quv yilida 1876 nafar maktab bitiruvchisining 144 nafari (7,7 foizi) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan bo‘lsa, bu yil 2816 nafar bitiruvchidan 328 nafari, ya’ni 11,6 foizi oliy ta’lim dargohlari talabasi bo‘ldi.
Ushbu ko‘rsatkich bilan tuman maktablari viloyatda sakkizinchi o‘rinni egalladi. Biroq shunisi taassufliki, 2019-2020 o‘quv yilida tumandagi 13 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirolmadi.
Bugun tuman maktablarida 3229 nafar o‘qituvchi mehnat qilmoqda. Ularning 58 nafari oliy toifali o‘qituvchi bo‘lsa, 287 nafari 1-toifa, 746 nafari 2-toifa va 317 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega pedagoglardir. Ayrim maktablarda matematika, rus tili, fizika fanlaridan o‘qituvchilar yetishmaydi. Bundan tashqari, tasviriy san’at, texnologiya fanlaridan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar kam.
Tumanda 69 ta maktab bo‘lib, ulardan atigi 20 tasi optik tolali internet tizimiga ulangan. Shundan 19 tasi ishlaydi.
720 o‘rinli maktabda 1245 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda
Maktablarning moddiy texnik holati, ta’lim sifati va qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonini o‘rganish maqsadida tumandagi eng namunali 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. Bu yil maktabni 110 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, ulardan 35 nafari (32 foizi) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.
- Maktabimizda 103 nafar o‘qituvchi mehnat qiladi, - deydi maktab direktori Xurshid Bozorov. – Ularning 8 nafari oliy, 24 nafari 1-toifali o‘qituvchilardir. O‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi yuqoriligining siri shunda. Bizda tajribali, bilimli o‘qituvchilar ko‘p. Shu sababli yaqinda tuman fan olimpiadasida 18 nafar o‘quvchimiz yuqori o‘rinlarni egallab, viloyat bosqichida qatnashadigan bo‘ldi.
Biroq namunali maktabning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Maktab 2016 yilda 720 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, hozirda bu yerda 1245 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Shunday katta maktabda faollar zali yo‘q. Tadbirlar maktabning eski binosida joylashgan sport zalida o‘tkaziladi. Eski bino rekonstruksiya qilishga berilgan, hozircha undan to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkazishda foydalanilmoqda.
Qish mavsumi uchun maktabga 12 tonna ko‘mir, 35 tonna briket berilgan, yana 14 tonna ko‘mirga ehtiyoj bor.
Ko‘mir kukunini muzlatib yoqsa bo‘ladi
Saxovat mahallasida joylashgan 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabini bu yil 20 nafar o‘quvchi bitirgan, ammo birortasi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirolmagan. O‘tgan yili ham maktab bitiruvchilari oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga qabul qilinmagan. 180 o‘rinli maktabda 284 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Maktabda oshxona, sport va faollar zali yo‘q. Kutubxona maktabning 1992 yilda qurilgan eski binosida joylashgan.
- Bizda doimiy qatnovchi transportlar yo‘q, - deydi maktab direktori Sobir G‘afforov. – O‘qituvchilar 15 kilometr uzoqdan qatnab ishlaydi. Oshxonamiz yo‘qligi sabab, darsdan keyin to‘garak mashg‘ulotlari o‘tish uchun o‘quvchilarni olib qololmayman. O‘qituvchilar ham qayerdadir tushlik qilishi kerak, ammo sharoitimiz yo‘q. Yaqinda ayrim sinflarga ovozli videokuzatuv kamerasi o‘rnatdik, endi o‘qituvchilarning qanday dars o‘tayotganini nazorat qila olaman. Ta’lim sifatini oshirish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilyapmiz. Maktab optik tolali internet tarmog‘iga ulanmagan bo‘lsa-da, bino tomiga antenna o‘rnatib, wi-fi orqali internetdan foydalanishni yo‘lga qo‘ydik.
Yana bir yangilik – maktabga berilgan ko‘mir kukunini qanday yoqish siri topilibdi. Dastlab ko‘mir kukuni ustiga suv quyib aralashtiriladi, kukun va suv muzlagach, u olov ustiga tashlanadi. Qarabsizki, qalovini topsang, qor ham yonadi, deganlaridek, muzlagan kukun yonadi. Bunday “innovatsiya” dan boshqa maktablar ham foydalanishi uchun yozyapmiz.
Maktabning yangi binosi 2008 yilda qurilgan bo‘lib, isitish tizimi faqat sinfxonalarga o‘rnatilgan, ammo koridorga isitish batareyalari qo‘yilmagan. Shu sababli xonalarni isitish qiyin kechmoqda. Sinfda bolalar qishki kiyimlarda o‘tiribdi. Maktabga 19 tonna ko‘mir berilgan, yana 10 tonna ko‘mir kerak.
40 nafar o‘quvchidan birortasi oliy o‘quv yurtiga kira olmagan
Kaptarxona mahallasida joylashgan 62-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ham ta’lim sifati past. 2019-2020 o‘quv yilida maktabni 40 nafar o‘quvchi bitirgan, ammo birortasi oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kirolmagan. O‘tgan yili ham 42 nafar bitiruvchining hech biriga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish nasib qilmagan. Vaholanki, maktabda o‘quvchilarga ta’lim berayotgan 40 nafar o‘qituvchidan atigi bir nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega.
Bu yerda ham o‘quvchi soni ko‘p, 240 o‘rinli maktabda 462 nafar bola o‘qiyapti. Ikki tomonidan yo‘l o‘tgan maktab hovlisi o‘ralmagan, kirish joyida eski bino buzilishidan qolgan tuproq uyumi maktab ko‘rkini buzib turibdi.
Qish mavsumi uchun maktabga 6,5 tonna ko‘mir, 11 tonna briket berilgan. O‘t yoquvchilar ko‘mir deb berilgan kukunni yuqoridagi singari muzlatib, qozonxona pechiga tashlayapti.
Sovuq xonada kompyuterlar ishlamaydi
Bu galgi o‘rganishimiz davomida maktablardagi kompyuterlar sozligi va o‘quvchilarning undan qay darajada foydalana olishiga e’tibor qaratdik. Tuman maktablarida 1325 ta kompyuter bo‘lib, ulardan 4 tasi nosoz holatda.
2-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi 15 dona kompyuterning hammasi ishlaydi. Faqat o‘quvchilar kompyuterda ishlashni bilmaydi. Biz 11-sinf o‘quvchilaridan kompyuterda matn yozib berishni so‘raganimizda, ular matn terish dasturiga kirishni bilmadi. Shunisi taassufliki, maktablarda informatika fani 5-sinfdan o‘qitilar ekan.
60-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 15 dona kompyuter bo‘lib, informatika xonasining sovuqligi sabab kompyuterlar ishlamaydi. Direktorning aytishicha, sovuqda kompyuter ekrani yonadi, ammo hech qanday buyruqni bajarmaydi. Kunlar isib ketgach, kompyuterlar yana ishlab ketadi. Kompyuterlarning nosozligi sababli o‘quvchilarning bilimini tekshira olmadik.
62-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 13 dona kompyuter bo‘lib, informatika xonasi qulf ekan. Aslida boshqa maktablarda ham ahvol shunday, ya’ni informatika xonalaridagi kompyuterlar o‘quvchilar buzib qo‘ymasligi uchun doim qulf bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘quvchilar kompyuterda ishlashni bilmaydi.
Shuningdek, ushbu maktablarga yangi o‘quv yilida laboratoriya mashg‘ulotlari uchun kimyoviy moddalar berilmagan. 62-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2012 yilda berilgan kimyo, biologiya xonasidagi maxsus partalar nomiga qo‘yilgan, partada o‘rnatilgan jo‘mraklardan suv kelmaydi. Boshqa maktablarda ham xuddi shunday holatni kuzatdik. Demak, darsda o‘quvchilar mustaqil laboratoriya ishlarini bajarmaydi, bunga imkon yo‘q. Boshqa tuman maktablarida ham ahvol xuddi shunday, ya’ni kimyo, biologiya, fizika fanlariga ikkinchi darajali fandek qaraladi.
Ayrim maktablarda ba’zi darsliklar yaqinda berilibdi. Vaholanki, 2-chorakning o‘rtasigacha qancha mavzular o‘tildi? Bu kabi muammolar o‘quvchilarning darslarga qiziqishini susaytirmaydimi?
Nega ziyoli ota-onalarning farzandlari maktabda yaxshi o‘qiydi?
- Ta’lim sifatini oshirish uchun, avvalo, o‘qituvchilarning salohiyatini oshirishimiz kerak, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Zamira Aliqulova. – O‘qituvchi qanchalik bilimli, mahoratli bo‘lsa, o‘z ustida ishlasa, u fanni o‘quvchiga yetkazib bera oladi. Shuning uchun ham imkoni bor ota-onalar bolasini salohiyatli o‘qituvchilarga, ya’ni repetitorlarga o‘qityapti. Agar maktab o‘qituvchilarining hammasi o‘z fanini yaxshi o‘qita olganida, hech kim repetitorga ehtiyoj sezmasdi, ota-onalarning ham puli tejalardi. Bugun maktablarda fanlarni to‘liq o‘zlashtirish uchun fan to‘garaklari tashkil etilyapti. Shuningdek, o‘qituvchilarning sifatli ta’lim berishga bo‘lgan talabni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlari ham pedagoglarning o‘z ustida samarali ishlashini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, ota-onalar ham farzandining ertangi kelajagi uchun qayg‘urishi, doim dars tayyorlashini nazorat qilib turishi lozim. E’tibor berganmisiz, nega ziyoli ota-onalarning farzandlari maktabda yaxshi o‘qiydi? Sababi, bunday oila farzandlari hamisha nazorat ostida bo‘ladi. Ba’zi ota-onalar esa o‘qiganingda kim bo‘larding, deb bolasining o‘qishiga befarq qaraydi. Farzandining o‘qishdan ko‘ra, uy yumushlarini bajarishini istaydi.
- O‘qituvchilar o‘rtasida raqobatning yo‘qligi ham ta’lim sifatining pasayib ketishiga sabab bo‘ldi, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Azizjon Jabborov. – Ayrim maktablarda mutaxassis o‘qituvchi atigi bitta. Agar bir fandan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ko‘p bo‘lsa, ularning eng bilimlisi saralab olinardi. Ammo hali bunday natijaga erishganimiz yo‘q. Yillar o‘tib, oliy ma’lumotli pedagoglar soni ko‘paysa, o‘qituvchilar o‘rtasida raqobat shakllansa, ta’lim sifati ham oshadi.
Xalq ta’limi rahbarlari majlisbozlikdan ortyaptimi?
Yana bir gap. Pandemiya sabab joylarda Zoom dasturi orqali majlis o‘tkazish urfga kirdi. Ayniqsa, bunday majlisbozlik tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarida juda ko‘p kuzatilyapti. Har safar biror tumanga borsak, tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari onlayn majlisda o‘tirgan bo‘ladi. Bulung‘ur tumaniga safarimiz chog‘ida ham xuddi shunday ahvol takrorlandi, ya’ni ertalab xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Azizjon Jabborovni onlayn majlisda uchratdik. Maktablarni aylanib, kechki payt kelsak, yana boshqa onlayn majlisda o‘tirganiga guvoh bo‘ldik. Xo‘sh, bunday majlisbozlik ta’lim sifatini qanchalik oshiradi? Xalq ta’limi rahbarlari majlisbozlikdan ortib qachon o‘z vazifasini bajaradi?
Bog‘chalarda ahvol qanday?
Safarimiz davomida tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining qish mavsumiga tayyorgarligi holatiga ham e’tibor qaratdik. Tumanda 29 ta davlat MTT bo‘lib, shundan 23 tasi faoliyat yuritadi. Shuningdek, 4 ta davlat xususiy sheriklik asosidagi, 2 ta nodavlat va 65 ta oilaviy MTT mavjud. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotlari tumandagi 3-7 yoshli bolalarning 9988 nafarini qamrab olgan. Tumanda bog‘cha yoshidagi bolalar 17433 nafarni tashkil etadi.
Bog‘chalarga 69 tonna ko‘mir, 105 tonna briket tarqatilgan, yana 226 tonna ko‘mir olishga ariza berilgan.
20-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti 150 o‘rinli bo‘lib, 105 nafar bola qatnar ekan, 70 nafar bola onlayn tarbiyalanmoqda. Ikki qavatli bolalar bog‘chasi 2019 yilda qurilgan bo‘lib, barcha shart-sharoitlar mavjud. Xonalar zamonaviy jihozlangan, isitish tizimi yaxshi ishlayapti, xonalar issiq. Bolalar yengil kiyimda mashg‘ulotlar bajaryapti.
- Bog‘chamizga Zarafshon, Gulobod, Qo‘ng‘irot, Kattaquyonchi, Qoraqo‘ng‘irot mahallalaridan bolalar qatnaydi, - dedi bog‘cha mudirasi Gulnoza Umarova. – Bog‘cha yoshidagi bolalar soni shunchalik ko‘pki, atrofimizda yana shunday bog‘cha qurilsa, u ham to‘ladi.
6-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining filiali ham zamonaviy jihozlangan bo‘lib, bog‘chaga 82 nafar bola qatnaydi. Xonalar issiq, isitish tizimi yaxshi ishlayapti. Ammo hamma bog‘chada ham issiqlik tizimi talab darajasida emas.
Qirqshodi mahallasida joylashgan 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti 140 o‘rinli bo‘lib, bugungi kunda bog‘chaga 75 nafar bola qatnaydi. Biz bog‘chaga tushlikdan so‘ng, bolalar uxlab yotgan paytda bordik. Yotoqxonada bolalar issiq kiyim-bosh bilan uxlab yotganiga guvoh bo‘ldik. Negaki, bog‘chada isitish tizimi ishlamayapti, shu sababli yechinish xonasi, mashg‘ulotlar xonasi va yotoqxona sovuq.
Vaholanki, bog‘chadagi qozonxonada ko‘mir yonyapti, ammo issiqlik xonalarga yetib bormayapti. Sababi, 2017 yilda kapital ta’mirlangan bog‘chada 2 ta qozonxona qurilgan, aslida 6 ta qozonxona kerak ekan. Nahotki 3 yildan buyon ushbu muammoni mutasaddi rahbarlar bartaraf etmayotgan bo‘lsa.
Xullas, tumandagi maktab va bog‘chalar bugungi sharoitdan kelib chiqib, imkon qadar ishlayapti. Ammo hamma joyda ham ishga mas’uliyat bilan yondashilmayapti. Ayniqsa, binolarni qishga tayyorlash, isitish ishlariga hamma rahbarlar ham e’tibor qaratmagan. Yoki e’tibor qilsa-da bunga imkoniyat topolmayapti.
Mana shunday paytda tizim rahbarlari, sektorlar boshliqlari pedagoglarga yaqindan yordam bersa yaxshi bo‘lardi.
Xurshida ERNAZAROVA,
Baxtiyor MUSTANOV (foto),
«Zarafshon» muxbirlari.