Bulung‘urda amalga oshirilayotgan loyihalar aholi va korxonalarga qanday foyda beradi?
Tumanda bu yil 2 ta korxona tomonidan 8 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi.
Jumladan, "Samarkand-KZT EKO Milk compani" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 17,5 million dollarlik issiqxona va chorvachilik komleksi tashkil etishga kirishiladi. Loyihani amalga oshirish uchun joriy yilda 3 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi hamda 80 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
"G‘o‘bdin sof parrandalari" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilda qiymati 6 million dollarlik parrandachilik xo‘jaligi tashkil etiladi va 5 million dollar xorijiy sarmoya o‘zlashtiriladi. “Samarqand Richland International Investment” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi doirasida 150 ming dollar xorijiy investitsiya kiritilgan.
"Xitoy besh barmoq qurilish materiallari" mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi tumanda pishiq g‘isht ishlab chiqarish loyihasini kengaytirish maqsadida 523 ming dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirdi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 24 yanvardagi videoselektor yig‘ilishida har bir shahar, tumanga qo‘shimcha 50 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish topshirig‘ini bergan. Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan bugungi kunda tumanda umumiy qiymati 94 million dollarlik 9 ta loyiha takliflari ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar doirasida joriy yilda 38,5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
- Bundan tashqari, umumiy qiymati 328,1 milliard so‘mlik 34 ta hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirilishi va qo‘shimcha 2520 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan, - deydi tuman hokimligi investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Allayor Mahramov.
Birgina qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 5 ta uzumchilik klasteri tomonidan 3 ming gektar yer maydonida qiymati 142,7 milliard so‘mlik loyihalar doirasida 2129 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Yana qiymati 51,6 milliard so‘mlik parrandachilik, pillani qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatishga doir loyihalar amalga oshirilmoqda.
Haqiqatda tuman yangi korxona ochish, sarmoya kiritish, sotish va qayta ishlash uchun geografik jihatdan ham, logistika jihatidan ham qulay hudud hisoblanadi. Birgina qishloq xo‘jaligi yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, tuman aholisi bu borada yetarlicha tajriba va ko‘nikmaga ega. Tumanda chorvachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va boshqa sohalarda faoliyatni tashkil etish istiqbolli hisoblanadi.
Masalan, 2016 yilda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishida faoliyat boshlagan “Samarqand garden plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-AQSh qo‘shma korxonasi yiliga 20 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotini muzlatish va qayta ishlash quvvatiga ega.
- Korxonamizda mavsumda 400 nafarga yetadigan ishchilar yordamida gulkaram, oshqovoq, bulg‘or qalampiri, qovun, shaftoli, gilos, baqlajon, ismaloq va boshqa mahsulotlarni qayta ishlaymiz, - deydi jamiyatning sex boshlig‘i Farhod Qo‘chqorov. – Shaftoli, olcha, bulg‘or qalampiri va gulkaram korxona tasarrufidagi 1400 gektar maydonda yetishtiriladi. Qovun, oshqovoq Jizzax viloyatidan keltiriladi. Hozirda Rossiya, Ukraina, Belarus, Janubiy Koreya, Xitoy davlatlariga yiliga 5 ming tonnagacha mahsulot eksport qilamiz.
O‘tgan yili Shveysariyadan 800 ming dollarga qishloq xo‘jalik mahsulotini 40 darajagacha muzlatish imkonini beruvchi zamonaviy uskuna olib keldik. Bu ishlab chiqarish hajmini 50 foizgacha oshiradi. Niderlandiyadan 400 ming dollarga mahsulotni yarim tayyor holga keltiruvchi uskuna xarid qilindi. Yana 200 ming dollarga lazer va havo orqali mahsulotni saralovchi jihozlar oldik. Gulkaram va brokoli mahsulotini kesish uchun Italiyadan 200 ming dollarga pichoqlar keltirildi. Bu uskunalar mehnat samaradorligini 50 foizga oshiradi, mahsulot qabul qilish va eksport hajmini ikki barobar ko‘paytiradi.
2023 yilda ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun korxona hududidan pomidor va shaftolini konservalash zavodi quriladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev,
Baxtiyor Mustanov, foto.