Buyuk Britaniyaga qimmatga tushayotgan "Brexit" yoxud Tereza Mey iste’foga chiqishini e’lon qildi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey bugun iste’foga chiqishi xususida ma’lum qildi.
U o‘z qarori haqida e’lon qilar ekan yig‘lab yuborgan.
Xo‘sh, nega Mey iste’foga chiqayapti?
Meyning iste’foga chiqishiga sabab, u na hukumatni va na xalqni Buyuk Britaniya Yevroittifoq tarkibidan chiqib ketsa hozirgidan yaxshiroq bo‘lishiga ishontira olmadi.
Bir paytlar, bundan uch yil oldin Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqarish tarafdori bo‘lib o‘rtaga chiqqan va hatto referendum o‘tkazib, o‘sha o‘tkazilgan umumxalq referendumda o‘ziga kerakli natijani qo‘lga kiritgan ham aynan Meyning partiyasi edi.
Referendumda Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishini yoqlab ovoz berganlar g‘olib chiqishgach, o‘sha paytda mamlakat bosh vaziri bo‘lib turgan Devid Kemeron bu ish xato bo‘lganini va mamlakat uchun qimmatga tushishi mumkinligini bashorat qilib, "endi mamlakatga yangi rahbar kerak" deb iste’fo bergan edi.
Uning o‘rniga kelgan Tereza Mey orada o‘tgan yillar mobaynida Buyuk Britaniyani Yevroittifoqdan tezroq ajratib olishga rosa urindi. Ammo, bu ishni uddalay olmadi.
Sababi, o‘shanda uning partiyasi "Buyuk Britaniya Yevroittifoqdan ajralib chiqsa, uning tarkibida yurgan holatidan yaxshiroq holatda bo‘ladi" deb hisob-kitobni noto‘g‘ri olgan ekan. O‘sha referendum bo‘lib o‘tganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi rahbarlari aksincha hisob–kitobni to‘g‘ri olishganmi Buyuk Britaniya xalqining Yevroittifoqdan chiqish qarorini xotirjamlik bilan qabul qildilar. Buyuk Britaniya esa referendumning ertasidan boshlab katta miqdorda zarar qila boshladi.
Eng avvalo, dunyoning turli burchaklaridan kelib Yevroittifoqdagi bosh ofislarini Londonda ochgan turli korporatsiya va kompaniyalar o‘z ofislarini ko‘chira boshladilar. Shundan so‘ng ishlab chiqarishlarini ham qit’aga ko‘chira boshladilar.
Shuningdek, Buyuk Britaniya fond birjalarda kutilmagan pastlashlar sodir bo‘ldi va mamlakatdagi yirik kompaniyalar qimmatli qog‘ozlarining narxi pastlay boshladi. Oqibatda Buyuk Britaniya iqtisodiyoti katta zarar ko‘ra boshladi. Zarar ko‘lami 2019 yilning boshigacha qariyb 100 milliardga yetdi.
Yevroittifoqdan chiqish oqibati tufayli iqtisodiyotga yetayotgan kunlik, oylik, yillik zararlar qancha miqdorda bo‘layotgani haqidagi har bir xabar OAVda yoritilishi ortidan biroz oldin Yevroittifoqdan chiqishni yoqlab ovoz bergan aholining va uning tashabbuskori bo‘lgan amaldorlarning fikri o‘zgarib boraverdi. Oqibatda Meyga o‘xshab "Buyuk Britaniya Yevroittifoqdan chiqishi kerak va bu uchun oxirigacha turib beraman" deganlar soni ancha siyraklashib qoldi. Endi vaziyat o‘zgarib, Yevroittifoqdan chiqishga qarshi bo‘lganlarga ularning "kuchi" yetmay qoldi.
Buni ustiga oxirgi yillarda Buyuk Britaniya tarkibida omonat turganday bo‘lib qolgan Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya aholisi o‘sha referendumda Buyuk Britaniyaning Yevroittifoq tarkibidan chiqib ketishiga qarshi ovoz berishgan edi. Buyuk Britaniya Yevroittifoq tarkibidan uzil-kesil chiqqan kunning ertasiga mustaqillik haqida referendum o‘tkazishlari haqida rasmiy Londonga ultimatum qo‘ygan edilar.
22 may kuni Buyuk Britaniya parlamentining vakillar palatasi yetakchisi Andrea Lidsom bosh vazir Tereza Mey bilan "Brexit" masalasida kelisha olmagani uchun iste’foga chiqayotganini ma’lum qilgandi.
Oxirgi umididan ayrilgan Mey o‘z raqiblari qarshisida ojiz va yolg‘iz qoldi va o‘z iste’fosini e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Mey 7 iyunda lavozimini tark etadi. Britaniya qirolliga tashqi ishlar vaziri Jeremi Xantning aytishicha, bunga qadar Mey Londonda Donald Trampni qabul qiladi.
Bosh vazirlikka bo‘lajak nomzodlar sifatida sobiq tashqi ishlar vaziri va London meri Boris Jonson, parlament umumpalatalari sobiq boshlig‘i Andrea Lids, tashqi ishlar vaziri Xant, shuningdek, ichki ishlar vaziri Sajdid Javid ko‘rilmoqda.
Tereza Mey hokimiyat tepasiga 2016 yil 11 iyul kuni kelgandi. Mamlakatda "Brexit" bo‘yicha refererundum natijalari e’lon qilingach, avvalgi bosh vazir Devid Kemeron lavozimni tark etgandi.