Darsga kirmagan «zavuch» o‘qituvchiga nimani o‘rgatadi?

Maktabda muassasa rahbaridan ko‘ra maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosaridan ko‘proq cho‘chirdik. Albatta, u bizni urib, savalamagan, biroq o‘qituvchi va o‘quvchilar uning oyoq tovushidan sezib, sergak tortardi. Hatto «Darsga zavuchimiz – Tohirov kirar ekan, har doimgi gap, bolalar», deb gohida o‘qituvchilarimiz ham so‘zini yo‘qotib qo‘yardi.

Tohirov adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgani uchun o‘quvchilarni doimo badiiy kitob hamda gazeta va jurnallarni o‘qishga, mutolaa qilishga undardi. O‘quvchilarni tuman va viloyat miqyosida o‘tkaziladigan musobaqa va mushoiralarga olib borardi. Bir so‘z bilan aytganda talabchan, tashabbuskor va ilmga tashna inson edi...

10-sinfda o‘qiyotgan jiyanim imtihonlarni a’lo baholar bilan topshirganini va maktabni oltin medal bilan bitirishi mumkinligini aytib qoldi. Biroq rus tilidan biroz no‘noqligi bois, bunday mukofotni qo‘lga kiritolmasligi mumkin ekan. Shuning uchun mendan birorta repetitor topib berishimni so‘radi. Uning aytishicha, fan o‘qituvchisi ko‘p hollarda darsga kirmaydi. Darsda bo‘lsa ham asosiy vaqtini telefonda gaplashish bilan o‘tkazar emish.

Jiyanimdan o‘qituvchi shu tartibda dars o‘tishini muassasa rahbarlari bilmaydimi, deb so‘radim. «Maktabimizda ikki-uch marta zovuch o‘zgardi, lekin birortasi darsimizga kirib o‘tirmagan» dedi u.

Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlariga o‘quv jarayonini tashkil qilish, davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv-tarbiyaviy rejalar va dasturlarning bajarilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, uning zimmasida o‘qituvchilarning pedagogik faoliyatini tahlil qilish, ARMlarni jurnal va gazetalar bilan ta’minlash hamda ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash kabi vazifalar bor.  

Xo‘sh, zavuchlar bugun bu ishlarning qay birini uddalayapti? Ta’lim sifati yo‘lida olib borilayotgan islohotlar ularning mas’uliyatini oshirdimi? Bugun qaysi zovuch dars jarayonlarini kuzatib, o‘qituvchilar faoliyatiga baho beryapti? Bizningcha, direktor o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarining aksariyati hujjatbozlikdan voz kecholmayapti. Qolaversa, ularning “Vaqt o‘tsa, maoshimni olib tursam bo‘ldi”, qabilida ish tutayotganini ta’lim muassasalarida tez-tez duch kelinayotgan kamchiliklardan ham bilishimiz mumkin. Zovuchlarning bunday harakatlari esa afsuski, ta’lim rivojiga to‘siq bo‘layotgani haqiqat.

Bizningcha, zavuchlar o‘z vazifasini sidqidildan, vijdonan bajarsa, ta’lim sifati sezilarli darajada o‘zgaradi. Qolaversa, ko‘zlangan maqsadga erishish ham mushkul bo‘lmaydi.

Abdujabbor Po‘latov.