Davlat dasturi loyihasi muhokamada: Qanday ustuvor vazifalar belgilangan?

“Yuksalish” umummilliy harakatining jamoatchilik.uz platformasida yil dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilib, fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflari o‘rganilmoqda. Bu jarayon Davlat dasturining xalqchil bo‘lishida, joylardagi dolzarb masalalarning hal etilishida muhim ahamiyatga ega.

2021 yil uchun “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi loyihasi shakllantirilishidan oldin ham keng jamoatchilikning, aholining takliflari o‘rganildi. Jumladan, platforma orqali fuqarolar, chet elda yashovchi vatandoshlar, nodavlat notijorat tashkilotlaridan 2000 dan ziyod taklif va tavsiyalar qabul qilindi.

Shu asosda ishlab chiqilib, e’lon qilingan Davlat dasturi loyihasiga jami 276 ta banddan iborat. Shundan:

19 band davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish bo‘yicha;

17 band qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha;

113 band iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha;

96 band ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha;

31 band xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, tashqi siyosatni amalga oshirish bo‘yicha vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, Davlat dasturi loyihasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabrdagi Parlamentga Murojaatnomasidan kelib chiqib, dolzarb va muhim vazifalar kiritilgan. Xususan:

BIRINChI USTUVOR YO‘NALIShda davlat shuningdek, quyi va o‘rta bo‘g‘in boshqaruv organlari, mahalliy ijro va vakillik organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, davlat organlari xarajatlari bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish vazifalari kiritilgan. Buning uchun tegishli muddatlarda qonun va qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish belgilanmoqda;

IKKINChI USTUVOR YO‘NALIShda sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tizimini joriy qilish, ma’muriy jazolar miqdorini ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib maqbullashtirish ko‘zda tutilgan;

UChINChI USTUVOR YO‘NALIShda inflyasiyaviy targetlash doirasida narx-navo barqarorligini ta’minlash, byudjet barqarorligini ta’minlashga qaratilgan byudjet qoidalarini takomillashtirish, suveren xalqaro obligatsiyalarda milliy valyuta ulushini hozirgi 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish, byudjet tizimi shaffofligini ta’minlash, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, banklararo valyuta bozorini rivojlantirish, tabiiy gaz va elektr energiyasining nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash borasida tizimli monitoring o‘rnatish, tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish, transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, ziyorat turizmi va ichki turizmni rivojlantirish, 2030 yilga qadar kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan;

TO‘RTINChI USTUVOR YO‘NALIShda bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etish, “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”ni tashkil etish, 2021–2023 yillarda yoshlar uylarini qurish dasturini amalga oshirish, O‘zbekiston talabalar assotsiatsiyasini tashkil etish, bepul til o‘rganish elektron platformasini yaratish, aholining salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, arzon uy-joylarni barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, madaniyat, san’at, sportni yanada rivojlantirish, bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini 65 foizga yetkazish, yagona “Elektron ta’lim” tarmog‘ini joriy qilish, fizika fani va chet tillari bo‘yicha uzluksiz ta’lim sifati va natijadorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarini kamida 25 foizga oshirish, eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident grantini joriy etiladi;

BEShINChI USTUVOR YO‘NALIShda Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish, “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikni kengaytirish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish va ekoturizmni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining uzoq muddatli davlat siyosatini ishlab chiqish, Xalqlar do‘stligi kunini belgilash, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatida iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish, chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash kabi vazifalar belgilangan.

jamoatchilik.uzda muhokamalar davom etmoqda. 2021 yil 25 yanvar holatida loyiha bo‘yicha 600 dan ziyod taklif bildirilgan. Eng ko‘p taklif (210 dan ko‘proq) uchinchi yo‘nalish yuzasidan, eng kami (21) esa beshinchi yo‘nalishda edi. Siz ham mamlakat taraqqiyotiga daxldor fuqaro sifatida O‘zbekistonni 2021 yilda rivojlantirish uchun ustuvor masalalarni aniqlashtirishda o‘z fikr va takliflaringiz bilan ishtirok eting!

Dilnur A’zamov,

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi.