Davlat tashkilotlari xodimlarining teatr tomoshalariga jalb etilishi yuzasidan Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi munosabat bildirdi

Keyingi paytlarda ba’zi xorijiy internet nashrlari "majburiy" so‘zi bilan "targ‘ibot" so‘zlarini o‘zaro sinonim sifatida qo‘llab kelmoqda. Afsuski, ularning noto‘g‘ri yondashuvini qo‘llab-quvvatlovchilar ham safimizda ko‘zga tashlanmoqda. Davlat ishchilari asosan bepul, gohida 3000-5000 so‘mga bilet olib, ma’naviyatdan xabardor bo‘lsa, tarix, o‘tmish va kelajak haqida fikr yuritsa nimasi yomon? Teatrlarda ham o‘rinlar soni bor. Balki vaqt sarflab, oila a’zolari bilan teatr tomoshasiga borgan shaxs joy yo‘qligini eshitib, qaytib ketmaydimi, kayfiyati ko‘tarilish o‘rniga, tushib ketmaydimi, degan o‘y bilan jadvallar tuzilib, raqamlar qayd qilingandir.

Xalqimiz o‘tmishda tarixni, madaniyatimizni, ma’naviyatimizni yo‘q qilish uchun adabiyotlarimiz, o‘z so‘ziga ega bo‘lgan yozuvchi va shoirlarimizni, so‘z san’ati ustalarini, qolaversa, tarixiy ob’yektlarimizni yo‘qotishga harakat qilingan davrlarni ham boshdan kechirdi. Shukr, hozirgi kunda yurtdoshlarimiz o‘z so‘zi, fikri, tarixi va o‘z ma’naviyati borligini butun dunyoga namoyish etmoqda.

Teatr - bu ma’naviyat, tarix, o‘tmish va kelajak uyg‘unlashgan dargoh ekanligi targ‘ibotini jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari ham boshlashsa olijanob ish bo‘lardi. Shundagina masalalarga noxolis yondashayotgan ayrim yurtdoshlarimiz islohotlar mohiyatini to‘g‘ri tushunib yetadi, xalqning jipsligi, hamjihatligi ta’minlanadi. 

Bir eslaylik, qachon qaysidir sahna asarini o‘z maqola va postlarimizda yoritdik? Qachon qaysidir sahna asari namoyishi haqida e’lon berdik? Bu boradagi ishimizdan o‘zimiz qoniqish hosil qildikmi?  Hokimlik timsolida davlat idorasi o‘z xodimlarining rejali ravishda teatrga borishini targ‘ib etsa, buning nimasi yomon? Balki tanqidni, aybdorni izlamasdan, hurmatli jurnalist, bloger va matbuot kotiblari bugungi ishimizni teatrni, madaniyatni targ‘ibot qilishdan boshlarmiz!

Bunga nima deysiz?