Da’vogaring qozi bo‘lsa yoki MIBchilarning qaysi javobiga ishonish kerak?
Bu haqda oldin ham yozdim. Ammo “quruq qoshiq og‘iz yirtar”, deganlaridek, Majburiy ijro byurosining imzosigina o‘zgaradigan xatlaridan zerikdim. Ular javob yozishda shunchalar tezkorki, agar 23 million so‘mni bermay kelayotgan A.Sanaqulova bilan ham shunday ish olib borishganda muammo qolmagan bo‘lardi.
Masalan, ushbu saytda “MIBchilarning "futbol"idan charchadim. Qarz berib, undirolmay sarsonman” nomli maqolam 2020 yil 17 dekabrda chop etilgan edi.
Qarangki, 18 dekabrda “N.Kulanovning ijro ishi qarzdor nomida mol-mulk bo‘lmagani sabab tamomlangan”, sarlavhali javob maqola e’lon qilindi.
Vaholanki, 2020 yil 30 sentyabrda qarzdor A.Sanaqulovaning ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha mol-mulklari ko‘zdan kechirish uchun borilganda ushbu manzilda yashamasligi aniqlangan, deyishgandi.
Ushbu sanada berilgan javob xatiga ko‘ra, A.Sanaqulovaga nisbatan qidiruv e’lon qilinganligi, qaror nusxasi ijro uchun tuman IIBga yuborilgani bayon etilgan.
Endi savol, nega keyingi hech bir javob xatida bu haqda lom-mim deyilmagan. IIBga yuborilgan qaror taqdiri nima bo‘ldi?
Tuman MIB buni so‘rashga vakolatli emasdir, lekin viloyat prokuraturasiga yo‘llagan murojaatimga javobda ham bu masalaga oydinlik kiritilmagan. Vaholanki, firibgarni shu paytgacha qo‘lga olish, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish kerak emasmidi?
Oxirgi javoblarning har birida majburiy ijro harakatlari to‘xtatilgan, uni qaytadan qo‘zg‘atishim mumkinligi bildiriladi. Baraka topgurlar, buning uchun kimga murojaat qilishim kerak? Qanday hujjatlarni topshirishim kerak? Nega bu haqda hech qanday ma’lumot berilmaydi?
70 yoshdan oshgan, yurakdan operatsiya bo‘lib, 2-guruh nogironi bo‘lib qolgan odamga munosabat shumi?
Nurmurat KULANOV,
Narpay tumani, Qoraxitoy qishlog‘i.