Deputat minbari: Xorijlik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar huquqiy maqomi qonunchilikda o‘z aksini topadi

“O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan ushbu qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ishchi guruhi yig‘ilishlari tashkil etildi. Shuningdek, loyiha barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarning yig‘ilishlarida muhokamalaridan o‘tkazildi.

Muhokamalar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Tashqi ishlar vazirligi hamda sohaga oid mutaxassislardan iborat ishchi guruh tomonidan kelib tushgan taklif va mulohazalar inobatga olingan holda qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisi kun tartibiga kiritildi.

Qayd etish lozimki, qonun loyihasini ishlab chiqishda Ispaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, MDHning boshqa davlatlari hamda qator yetakchi xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi, shuningdek, davlatimiz qo‘shilgan xalqaro shartnomalarning mazkur masalaga oid qoidalari o‘rganildi.

Qonun loyihasi 5 ta bo‘lim va 38 ta moddadan iborat. Unda O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi asoslari, yurtimizda bo‘lishi va siyosiy poshpana berish tartibi, asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, shu jumladan, daxlsizlik huquqi, erkinliklari va majburiyatlari aks etgan.

Shuningdek, qonun loyihasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish muddatini qisqartirish va Respublikadan chiqarib yuborish tartiblari belgilangan.

Qonun loyihasi 1990-2000 yillarda qabul qilingan turli (asosan qonunosti) qonun hujjatlari bilan shakllantirilgan huquqiy asoslarni unifikatsiyalash va chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan munosabatlarning joriy sharoitlariga moslashtirish imkonini beradi.

Ushbu qonun chet el fuqarolari, yuqori malakali va malakali mutaxassislar tushunchasi va huquqiy maqomini belgilaydi. O‘z navbatida, chet el fuqarolari tomonidan ma’muriy va fuqarolik-huquqiy tartib tamoyillardan o‘tishning hamda mehnat munosabatlari sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishning shaffof va ochiq tartibini hamda chet el fuqarolarining davlat xizmatlaridan keng foydalanish imkonini yaratadi. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratishga xizmat qiladi.

Abdulla ASLANOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya raisi.