Deputatlar so‘roviga ijro hokimiyatining munosabati qoniqarsiz

Parlament quyi – Qonunchilik palatasiga Samarqanddan saylangan deputat, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zosi Shuhrat Polvonov hamkasbi Gulbahor Saidg‘aniyeva bilan hukumatdan tibbiyot xodimlarining oyligini oshirish, ish haqi miqdorlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragandi. Xo‘sh, bu masalani ko‘tarishga nima sabab bo‘lgan edi?

Bu haqda deputat Shuhrat Polvonov fikriga quloq tutamiz.

- Rosti, o‘tgan yil koronavirus pandemiyasi sabab jamiyatimiz ijtimoiy hayotida yuzaga kelgan holatlar bu masalaga e’tibor qaratishimizga sabab bo‘ldi, - dedi Sh.Polvonov. - Negaki, bu sinov davri nafaqat yurtimiz, balki butun insoniyatga qadriyatlar mohiyatini anglashda muhim bir turtki sifatida ta’sir qildi. Karantin e’lon qilingan kunlarning dastlabki bosqichida “jon shirinligi” effekti odamlarni qay ko‘ylarga solganligini, hamma shifokorlarning og‘ziga qarab qolganligini, hech kim esidan chiqarmagan bo‘lsa kerak.

Shu bois, qonun chiqaruvchi organ vakili sifatida tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimini tanqidiy tartibda qayta ko‘rib chiqish, bunda asosiy e’tiborni tibbiyot xodimining mehnatiga haq to‘lash miqdori bajarilayotgan ishlarning murakkabligi va yuklanmasi darajasiga hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga bog‘liq holda bo‘lishi lozimligiga qaratdik. Bunda oylik to‘lovlar miqdorini oshirishni, yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq bo‘limlarda faoliyat olib boradigan vrachlar, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari, bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi barcha kasbdagi xodimlar uchun alohida shartlarda oylik maoshlari oshirilishini taklif etgandik.

Albatta, tibbiyot xodimlari oylik maoshlarini oshirish masalasida oddiy mantiqdan kelib chiqdik. Ya’ni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa davlat idoralari xodimlarining maoshlari bir necha barobar oshirilishi ta’minlangan bir paytda, shiforkorlar oylik maoshini qayta ko‘rib chiqilishi ham muhim deb bilganmiz.

- Bugungi kunda ham mazkur masalada aytarli o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Qonun chiqaruvchi hokimiyat vakili sifatida ijro hokimiyatining so‘rovlaringizga befarqligini qanday baholaysiz?

- Fikringizga qo‘shilaman, o‘tgan davrda ijro hokimiyati tomonidan tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimini takomillashtirish borasida biror arzirli o‘zgarishlar amalga oshirildi, deb ayta olmaymiz.

Tan olishimiz kerak, bu borada ijobiy ishlar ham bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi qarori bilan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga maxsus rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi. Bu “frontda” fidokorona xizmat qilgan tibbiyot xodimlari uchungina ma’lum ma’noda quvvatlov bo‘la oldi.

Endi parlament a’zolari so‘roviga ijro hokimiyatining munosabatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, vaziyatni qoniqarsiz, deb baholagan bo‘lardim. Saylovchilar, aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish bo‘yicha murojaatlarimizga yuzaki javoblar bilan bir vaqtda, turli vazirliklarning bir-biriga qarshi javoblari ham kuzatiladi.