Viloyat prokurori va IIB boshlig‘i Kengashga hisobot berdi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining sakson birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab, viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi hamda tashkiliy masalalar ko‘rilib, tasdiqlandi.

So‘ngra viloyat prokurori J.Hotamovning viloyat prokuratura organlari tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilda viloyatda prokuror nazoratining barcha sohalarida o‘tkazilgan tadbirlar natijasi bo‘yicha 9937 ta prokuror nazorati hujjatlari  qo‘llanilgan. Prokurorlar protestiga asosan 2915 ta noqonuniy hujjatlar qonunga moslashtirildi, 6964 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.

Qonun talablarini buzgan 5110 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonun buzilishlar yuzasidan 488 ta jinoyat ishi  qo‘zg‘atildi.

Misol uchun, «Maroqand neft bazasi» MChJ Bulung‘ur va Nurobod filiallari mansabdor va moddiy javobgar shaxslari mansab mavqeini suiiste’mol qilib, 4 milliard 32 million so‘mlik neft mahsulotlarini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Mazkur holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari o‘tkazilib, 8 nafar shaxs aybli deb topildi va davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning to‘liq undirilishi hamda jazoning muqarrarligi ta’minlandi.

Korrupsiyaga oid holatlar yuzasidan 412 nafar shaxsga nisbatan 259 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Korrupsion jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 55 milliard 600 million so‘m zarardan 49 milliard 300 million so‘mi tergov davomida undirildi.

Korrupsiyaga oid jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 264 nafari byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan, 15 nafari pora olgan yoki bergan, 42 nafari firibgarlik jinoyatini sodir etgan.

Xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan Payariq tumanida 729 million so‘m, Past Darg‘omda 393,3 million so‘m, Kattaqo‘rg‘on tumanida 288,6 million so‘m byudjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlanib, o‘tkazilgan tergov natijasida 10 nafar shaxsga nisbatan tegishli ayblovlar e’lon qilinib, mablag‘lar byudjetga qaytarildi.

Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida ishbilarmonlarning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 214 ta holat aniqlanib, 61 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi. Shuningdek, tuman va shahar prokuraturalari tomonidan 470 marotaba sayyor uchrashuvlar o‘tkazilib, 3136 ta murojaatlar joyida hal  qilindi.

Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 646 ta jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilib, tergov yakuniga ko‘ra, 956 nafar shaxsga nisbatan 588 ta jinoyat ishi ayblov xulosalari bilan sudlarga yuborildi. 

Viloyat prokurori, shuningdek, qurilish sohasidagi qonunbuzarliklar haqida so‘z yuritib, o‘tgan yil 9 holatda ko‘p qavatli uylar qurilishida shaharsozlik me’yorlariga rioya etilmaganini ta’kidladi. Eng yomoni, bunday holatlarga qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining ayrim mansabdorlari e’tiborsiz qaragan.

Ushbu yo‘nalishda 500 ga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, mas’ullarning 302 nafari ma’muriy va intizomiy javobgarlikga tortilgan. 304 nafari rasman ogohlantirilgan, noqonuniy qurilishlarni buzdirish haqida sudlarga 19 ta da’vo arizalari kiritilgan. Qo‘pol qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 23 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sessiyada viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatovning 2022 yil davomida viloyatda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida olib borilgan ishlar yuzasidan hisoboti ham eshitildi.

– O‘tgan yil viloyatda 7727 ta jinoyatlar qayd etilgan bo‘lib, ularning 2865 tasi xodimlarimiz tashabbusi bilan aniqlandi, 7083 tasi fosh etildi, oldingi yillarda fosh etilmasdan turgan 285 ta jinoyat ochildi, – dedi R.Mamatov. – Jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 349 nafari ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida 685 ta jinoiy holat aniqlanib, 148 kilogramdan ortiq giyohvand moddalar daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirib olindi.

669 ta o‘g‘irlik, 1282 ta firibgarlik va 1154 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etildiki bu nafaqat organ xodimlaridan, balki barchamizdan yanada hushyor va ogoh bo‘lishni, jinoyatchilikka qarshi hamjihatlikda kurashishni taqozo etadi.

Viloyat IIB boshlig‘i davlatimiz rahbarining 2023 yil 20 yanvarda qabul qilingan «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ichki ishlar organlarini aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan xalqchil professional tuzilmaga aylantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Viloyatda 2022 yilda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning axboroti tinglandi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil viloyat adliya boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlari tomonidan viloyat hamda tuman (shahar) mahalliy davlat hokimiyati organlarining 555 ta qaror loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 455 tasiga ijobiy xulosa berilgan. 100 ta qaror loyihasi belgilangan talablarga rioya qilinmay taqdim etilgani sababli qaytarilgan.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 15640 ta qaror va farmoyishlari «E-qaror» elektron tizimi orqali qabul qilingan.

Tuman va shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan maktab, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalariga, davlat organlari va tashkilotlarga 2334 ta yuridik xizmat ko‘rsatilgan.

Boshqarma boshlig‘i, shuningdek, huquqni qo‘llash, davlat xizmatlari ko‘rsatish, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish, huquqiy targ‘ibot sohalarida amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.