Dunyo voqealari qisqa satrlarda: G‘azoda garovdagilarni almashish sanasi e’lon qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti har bir kishiga COVIDga qarshi emlashni tavsiya qildi

🔻 Isroil va HAMAS tashkiloti ertaga, 23 noyabrdan boshlab garovga olinganlarni almashishni boshlashi mumkin.

🔻 Turkiyada pensiyalar 45 foizga oshishi kutilmoqda. So‘nggi ikki oylik inflyasiya ma’lumotlari hali paydo bo‘lmagan bo‘lsa-da, eng kam pensiya miqdori 9500 liradan oshishi mumkin. Pensiyalarni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror yanvar oyida inflyasiya ma’lumotlarini hisobga olgan holda qabul qilinadi.

🔻 Rossiya Ukrainaning anneksiya qilingan hududlaridan 144 milliard rubl soliq yiqqan.

🔻 Buyuk Britaniyadagi Shimoliy-Sharqiy Angliya qirg‘oqlarida mingdan ortiq kauchuk sharlar oqib kelgan. Mahalliy mutaxassislar ularni elektr stansiyasi chiqindilari deb taxmin qilishmoqda. Xuddi shunday sharlar u yerda quvurlarni tozalash uchun ishlatiladi. Ular taxminan ikki yil davomida suvda qolishi bilan dengiz hayvonlari uchun xavf tug‘diradi.

🔻 Ilon Maskning X Corp kompaniyasi G‘azo mojarosiga aloqador odamlardan tushgan barcha reklama va obunadan tushgan mablag‘ni Isroildagi kasalxona va anklavdagi Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Jamiyatiga xayriya qilmoqchiligini ma’lum qildi.

🔻 Dunyodagi eng yirik Binance kriptovalyuta birjasi asoschisi va bosh direktori Changpeng Chjao katta janjaldan so‘ng iste’foga chiqdi. Birja asoschisi AQSh Adliya vazirligi tomonidan pul yuvish, moliyaviy firibgarlik va sanksiyalarni buzish kabi ayblovlarni tan olgan.

🔻 Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) har bir kishiga COVID-19 ga qarshi emlashni tavsiya qildi. Tashkilot hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 772 011 164 ta koronavirus infeksiyasi qayd etilgan va 6 979 786 kishi vafot etgan. JSST bosh direktori halok bo‘lganlarning haqiqiy soni kamida 20 million kishi bo‘lishi mumkin ekanini aytgan. Qator hududlarda kasallanish hamon uchramoqda.

🔻 Germaniya Polsha chegarasidagi nazorat tizimini 20 kunga uzaytirdi. Joriy yilda nemis chegarachilari 112 mingdan ortiq noqonuniy muhojirni hibsga olgan. Nemis chegarachilari mashinalarni to‘xtatib, hujjat va yuklarni tekshirishadi. Oktyabr oyining o‘rtalaridan boshlab Chexiya va Shveysariya bilan chegara o‘tish punktlarida ham nazorat joriy qilingan.

🔻 Islandiya hamon orolning janubi-g‘arbida katta vulqon otilishini kutmoqda. Yerida katta yoriqlar paydo bo‘lgan kichik port shahar - Grindavikning to‘rt ming nafar aholisi 10 kun oldin evakuatsiya qilingan, ular endi bir-hafta o‘n kun, balki bir oy deganda ham o‘z uylariga qaytishi dargumon.