Dunyo voqealari qisqa satrlarda: G‘azoda quruqlikdagi operatsiya bekor qilinishi mumkin. Turkiya Shvetsiyaning NATOga kirishi bayonnomasini imzoladi...
🔻 Isroilning G‘azo sektoridagi quruqlikdagi operatsiyasi garovga olinganlarning ozod etilishi tufayli kechiktirilishi yoki "yarim yo‘lda" to‘xtashi mumkin. Kecha HAMAS garovga olingan ikkita isroillik ayolni ozod etgan. Tashkilot ikki fuqarolikka ega yana 50 nafar garovga olinganlarni ozod qilishi mumkin. AQSh Isroildan G‘azodagi operatsiyani kechiktirishni so‘ragan. Ayni paytda 220 dan ziyod isroillik garovda saqlanmoqda.
🔻 Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi protokolni imzoladi va uni ratifikatsiya qilish uchun Turkiya parlamentiga yubordi.
🔻 Rossiya Mudofaa vazirligi nazorati ostidagi "Redut" xususiy harbiy kompaniyasi Ukrainadagi urushga jo‘natish uchun "Borz" ko‘ngillilar bataloniga ayollarni jalb qilishini e’lon qildi.
🔻 Vengriya yana Ukrainaga 500 million yevrolik harbiy yordam ajratilishiga to‘sqinlik qildi. YeI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Ukrainaga Yevropa tinchlik jamg‘armasidan 500 million yevro miqdorida harbiy yordam transhi ajratish bo‘yicha kelisha olmadi. Vengriya hukumati Ukrainaga harbiy yordamning navbatdagi transhi ajratilishini ma’qullamadi va buni tinchlik fondi mablag‘laridan Bolqon va Shimoliy Afrikada foydalanish mumkinligi bilan asosladi.
🔻 Turkiyaning Mush-Bursa yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtobus Pinarboshi-Guryun yo‘lining 70-kilometrida ag‘darilib ketgan. Hodisa oqibatida 38 kishi jarohatlangan.
🔻 Rio-de-Janeyrodagi eng yirik jinoiy to‘da a’zolari politsiya reydida rahbari yo‘q qilingach, kamida 35 avtobus va poyezdni yoqib yuborishgan. Hibsga olinganlar terrorchilikda ayblanadi.
🔻 Moskva birjasida dollar kursi 12 sentabrdan beri ilk bor 94 rublgacha pasaydi.