Dunyoda har yili chaqmoq urishidan 240 mingdan ziyod kishi jabr ko‘radi
Butunjahon meteorologiya tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, atmosfera qatlamida har sekundda 40-45 marta, yil davomida esa 1,4 milliard marta chaqmoq chaqadi.
Har yili chaqmoq urishidan 6 mingdan 24 ming nafargacha odam halok bo‘lib, 240 ming nafardan ortig‘i jabrlanadi. Xo‘sh, tabiatning bu vayronkor kuchidan omon qolish mumkinmi?
Bu savolga javob topish uchun, avvalo, chaqmoqning tabiati, kuchi haqida tushunchamiz bo‘lishi kerak. Lug‘atda “chaqmoq” – bu elektr maydon razryadlarining to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘ladigan hamda o‘ta yorqin yorug‘lik nuri, to‘lqin zarbasi, kuchli tovush va juda katta energiya ajralishi bilan kechadigan fizik jarayon deyiladi. Uni mukammal o‘rganish juda mushkul, albatta. Sababi, u qaysi vaqtda va qayerda urishini aniq aytib berishning imkoni yo‘q. Uning urish joyi aniq bo‘lganda ham, chaqmoq natijasida hosil bo‘lgan zaryadning tok kuchi 10-500 ming ampergacha, kuchlanishi esa 10 milliondan 1 necha milliard voltgacha yetishi mumkin. Bu inson hayoti uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, dunyodagi jami chaqmoq urgan odamlardan faqat 9-10 foizi vafot etgan. Bundan tashqari, ushbu tabiat hodisasi oqibatida binolarda yong‘in kelib chiqishi, elektr ta’minoti, aloqa, aviatsiya va boshqalarda muammolar kelib chiqishi mumkin. Shunday ekan, keyingi kunlarda tez-tez sodir bo‘layotgan chaqmoqlardan hushyor bo‘laylik. Momoqaldiroq vaqtida ochiq maydonda yurish, temir konstruksiyali inshootlar yaqiniga bormaylik.
O.Salimov,
Samarqand shahar FVB xodimi, katta leytenant.