Dushanbadan boshlab jamoat transporti o‘z harakatini boshlaydi: Samarqand shahrida hozircha 250 ta avtobus aholiga xizmat ko‘rsatadi
Joriy yilning 17 avgustidan boshlab respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan viloyatlararo, shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus qatnovlariga ruxsat beriladi. Ushbu qarordan kelib chiqib, viloyatimizda ham ushbu sanadan boshlab 500 ta avtobus harakati qayta tiklanadi. Jumladan, Samarqand shahrida 47 ta yo‘nalishda 250 ta Samarqand shahri va tuman markazlarini bog‘lovchi hamda tumanlar ichki yo‘nalishlarida yana 250 ta avtobus aholiga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Barcha yo‘nalishlardagi avtobuslarning yo‘lga chiqishlaridan oldin haydovchilar tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Mabodo haydovchilarning tana harorati 37°S va undan yuqori bo‘lgan holatda transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, ularning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishi, avtobus saloniga niqobsiz bo‘lgan yo‘lovchilarni kiritmaslik, imkon qadar ijtimoiy masofani saqlashga ham e’tibor qaratiladi. Transport vositalari belgilangan talablar asosida doimiy ravishda dezinfeksiyalanishi viloyat transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan nazorat qilib boriladi.
Karantin cheklovlariga qadar viloyatda 209 ta yo‘nalishda 847 ta avtobus yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi. Shundan 54 ta yo‘nalishda 469 ta avtobus Samarqand shahrida faoliyat yuritgan bo‘lsa, qolgan 155 ta yo‘nalishda 378 ta avtobus shaharlararo va viloyatlararo qatnov jadvaliga asosan harakatlangan.
Viloyat transport boshqarmasi
axborot xizmati.