DXX: Gulistonda elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i, Karmana va Yangiyerda IIB xodimlari pora bilan ushlandi

Guliston shahar elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i savdo faoliyatini olib borishga ixtisoslashgan MChJning elektr energiyasidan qarzdorligini tanishlari orqali hisobdan chiqartirib berish evaziga 78 million so‘m pora olgan. Ammo qarzni o‘chiro olmasdan, pulning bir qismini qaytarish chog‘ida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining Kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor xodimi Karmana tumanida yashovchi fuqaroning plastik kartasidan 62 mln. so‘m pul noqonuniy yechib olgan shaxslarni aniqlab berish evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan. Bunday holatlarni fosh etish katta tezkor xodimning bevosita xizmat vazifasiga kirsa-da, u jabrlanuvchidan so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyatida IIB xodimi qo‘lga olingan. Yangiyer shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi katta inspektori probatsiya nazoratida turgan, shu yilning fevral oyida sud hukmiga asosan JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan shaxsni jazoni Yangiyer shahrida o‘tamaslik, Toshkent shahrida erkin tadbirkorlik faoliyatini olib borishi uchun yordam berish, yashash manzilini tekshirmaslik hamda chora ko‘rmaslik evaziga Yangiyer shahridan 2 xonali uyni sotib olib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini hamda 500 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i berishini talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta inspektor 400 AQSh dollari hamda 1 mln. 260 ming so‘mni o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.