Echimini kutayotgan masalalar ko‘p
Avval xabar berganimizdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishini viloyat hokimi, Kengash raisi E.Turdimov olib bordi.
Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar “mahallabay” hal qilinadi
Sessiyada dastlab viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqovning “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligidagi “Muvofiqlashtiruvchi guruhlar”, “Boshqaruv ofislari” va mahallalarga biriktirilgan doimiy vakillar tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi taqdimoti muhokama etildi.
Qayd etilishicha, mazkur tizim orqali xalq deputatlari viloyat, shahar va tumanlar kengashlari uchun har bir mahallaning rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Har bir mahallada “Temir daftar”dagi oilalar, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar turmush sharoiti, bandligi va boshqa ijtimoiy ahvoli yuzasidan choraklik hisobot berib boriladi.
Yangi tizim bo‘yicha viloyatimizdagi 1100 mahallaning har biriga tijorat banklarining 774 nafar xodimi “doimiy vakil” sifatida biriktirilgan. “Doimiy vakil” - mahalla raisi va xodimlari bilan birgalikda uyma-uy yurish orqali aholining daromad manbalarini o‘rganadi, ishsiz aholining xohish-istaklarini (kasb-hunarga o‘qish, ishga joylashish, tadbirkorlik qilish va boshqalarni) aniqlaydi hamda mahallani rivojlantirish bo‘yicha “o‘sish nuqtalari”ni belgilaydi.
Shahar va tumanlardagi 64 ta sektorda iqtisodiy kompleks tarkibidagi tashkilotlarning malakali rahbarlaridan iborat “boshqaruv ofisi” tuzilgan.
“Boshqaruv ofisi” doimiy vakil taqdim etgan takliflar asosida har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun “Muvofiqlashtiruvchi guruh”ga taqdim etadi.
Shahar va tumanlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari boshchiligida iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlaridan iborat “Muvofiqlashtiruvchi guruh” har bir mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturini tasdiqlaydi.
Dasturni mahalliy Kengashga olib chiqadi va ijrosi yuzasidan har chorakda hisobot beradi.
Sektorlarda nima gap?
Sessiya ishida viloyat prokurori, 2-sektor rahbari R.Masharipov joriy yilning birinchi choragida hududda amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi.
Prokurorlar rahbarligidagi 2-sektorlarda 291 ta mahalla bo‘lib, ularda 230 mingdan ziyod oilalarda 1 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Deputatlar bilan birgalikda qilingan so‘rovlar natijasida 12 ming 927 ehtiyojmand oilada yashovchi 58 ming 259 nafar fuqaro “Temir daftar”ga kiritilgan. Shu paytgacha vaqtincha ishsiz 15 ming 763 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida 996,9 million so‘mlik 416 ta asbob-uskuna tarqatilgan.
Shu kabi chora-tadbirlar natijasida 2-sektorda bugungi kungacha 9 ming 954 oila kambag‘allikdan chiqarilgan.
Sessiyada sektordagi hududlarda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘al aholini qo‘llab-quvvatlash, ularni bu toifadan chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita” tasdiqlandi.
Deputatlar viloyat 4-sektor rahbari, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning hududda amalga oshirayotgan ishlar yuzasidan hisobotini tinglab, taqdim qilgan “Yo‘l xarita”sini tasdiqladilar.
Kadastr palatasi qayta hisobot beradi
Sessiya kun tartibiga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziqulovning davlatimiz rahbarining 2021 yil 24 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan hisoboti tinglandi.
Sh.Ro‘ziqulov mazkur qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, yangi tuzilmaning vazifa va vakolatlari haqida ma’lumot berdi. Ushbu yo‘nalishda Urgut tumanining Vag‘ashti va Kamongaron mahallasi hududida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida amalga oshirilgan xatlov natijalariga to‘xtaldi. Shuningdek, mazkur masala yuzasidan viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Ahmedjonov hamda davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi F.Xudoyqulovdan ham izoh so‘raldi.
Ammo hisobot puxta tayyorlanmagani sababli deputatlar ushbu masalani keyingi sessiyalarda qayta muhokama qilishga qaror qildi.
Ekologiyaga munosabat o‘zgarishi shart
Deputatlar viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i D.Ochilovning boshqarma tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan bergan hisobotidan so‘ng shunday xulosaga keldilar.
Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, viloyatda atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlovchi 45 ta yirik, 1047 ta mikrofirma va kichik korxonalar faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 11 793 ta tashkillashtirilgan manbalaridan 525 tasi soatiga 11859,9 ming metr/kub gazni tozalash quvvatiga ega chang-gaz tutish uskunalari bilan jihozlangan. Amalga oshirilgan tahlillar natijasida so‘nggi 3 yilda viloyatda ekologik ahvolning 2019 yilga nisbatan o‘zgarishi va viloyat hududida avariya holatida birvarakayiga yoki avariya tufayli chiqindilar chiqishi kuzatilmagan.
Tizim xodimlari tomonidan viloyat hududida 279 ta noqonuniy chiqindixonalar aniqlanib, 561 tonna qattiq maishiy chiqindilar tegishli tashkilotlarning maxsus texnikalari yordamida olib chiqilib, chiqindi poligonlariga joylashtirilgan.
Maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida 8,760 million yevro (10,610 million dollar) sarflanib, 2019 yilda 80 ta chiqindi tashish texnikalari olib kelingan va sertifikatsiyadan o‘tkazilib, foydalanishga topshirilgan.
Boshqarma boshlig‘i e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, tegishli boshqaruv organlari hamda vakillik organi bilan hamkorlikda hal etiladigan masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
Sessiya ishida shuningdek, viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Hasanov va “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori K.Yusupovning hisobotlari asosida tayyorlangan “Samarqand viloyatining shahar va tumanlari hududlarida ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari, ichki xo‘jalik yo‘llari va ulardagi ko‘priklarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, viloyat sektor rahbarlarining “Viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”larini tasdiqlash haqidagi va Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.