Eksportni ko‘paytirish uchun nima xalaqit beryapti?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 12 va 14 avgust kunlari o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida hududlarning eksport salohiyatini oshirish, bu borada tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam berish yuzasidan vazifalar belgilangan edi.

Bu bejiz emas albatta. Chunki, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish orqali yurtimizga kiritiladigan valyuta tushumi ortadi, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot chiqarishga erishiladi, korxona iqtisodiy barqarorligi ta’minlanadi va eng muhimi, yurtimizda yangi ish o‘rinlari yaratiladi, ishsizlik darajasi kamayadi. Dunyo tajribasi ham shunday – hech bir davlat import bilan rivojlanmaydi, eksport orqali jahon davlatlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, iqtisodiyoti barqarorligiga erishadi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning Urgut tumanidagi eksportyor korxonalar rahbarlari, tadbirkorlar bilan uchrashuvi ham ana shu mezondan kelib chiqib tashkil etildi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 dekabrdagi “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi yaratilgani ta’kidlandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag‘batlantirish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 205 nomdagi tovarlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yo‘lga qo‘yildi.

– Bunday real, amaliy chora-tadbirlar albatta o‘z samarasini bermoqda – dedi E.Turdimov. – Eksport bilan shug‘ullanadigan sub’yektlar safiga yangi korxonalar qo‘shilmoqda, eksport geografiyasi kengaymoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyatimizdan dunyoning 62 davlatiga tovar va xizmatlar eksport qilindi. Eng yirik eksport hamkorlarimiz qatorida Rossiya (27 foiz), Qozog‘iston (11,6 foiz), Turkiya (8,2 foiz), Xitoy (7,1 foiz), Eron (5,9 foiz) hamda Afg‘oniston (5,1 foiz) o‘rin oldi. Shu va boshqa davlatlarga yil boshidan buyon 133,7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Lekin bizda bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish imkoniyati mavjud bo‘la turib, bundan samarali foydalanmayotganimiz ham haqiqat. Albatta, buning ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor. Ana shu sabablar haqida fikrlashish, yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish maqsadida ushbu uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda 300 nafarga yaqin tadbirkor, eksportyor korxonalar vakillari ishtirok etib, faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qildi. Har bir masala viloyatdagi mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama etilib, yechim izlandi. Eksportbop mahsulotlar zaxirasini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish, kreditlar ajratish bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga aniq muddat bilan vazifalar yuklandi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.