Elektr tarmog‘idagi har bir yangilik tejamkorlikka qaratilgan

Samarqand viloyat Matbuot uyida «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati direktori M.Pardayev hamda korxona mutaxassislari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimizning 2019 yil 27 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyati, vazifalari va talablari haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlandiki, qaror ijrosiga ko‘ra, «O‘zbekenergo» AJ o‘rnida uchta alohida aksiyadorlik jamiyatlari tuzildi. Hozirda yangi tashkil etilgan «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlari aholini muntazam elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida muvofiqlashtirilgan tarzda faoliyat olib bormoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad - elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga o‘tishdan iborat.

- Hozirda viloyatimizda 774 ming 960 dan ortiq aholi xonadoni va 35 ming 56 ta yuridik iste’molchilar mavjud, - deydi M.Pardayev. – Ularni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida viloyatimizda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) joriy etilmoqda. Ya’ni, har bir xonadonga elektron hisoblagichlar o‘rnatilayotir. Hozirgacha viloyatimiz bo‘yicha 332 ming 727 ta, shundan 305 mingdan ziyod aholi xonadonlariga zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatildi. Mazkur hisoblagichlar ma’lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya’ni hisoblagichga ta’sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa, darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Energiya to‘lovi to‘lanmagan holatda masofadan o‘chish xususiyatiga ham ega. Yana bir e’tiborli jihati, ilgari hududlar uchun elektr sarfi taxminiy hisoblanib, «limit» ajratilgan bo‘lsa, yangi tizimda barcha ma’lumotlar aniq ko‘rinib turadi. Bu ta’minotda cheklovning oldini olishga xizmat qiladi.

2020 yil iyun oyigacha viloyatimizdagi mavjud 810 mingdan ziyod aholi xonadonlari va ulgurji iste’molchining barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadi.

Anjuman davomida korxona direktori ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan elektr energiyasini bilib-bilmay sarflab yuborishimiz holatlari haqida gapirdi.

- Bugun har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich yoki konditsioner kabi maishiy texnikalar bor, - dedi M.Pardayev. – Aksariyat hollarda ulardan foydalanamiz-u, tokdan uzib qo‘ymaymiz. Bunday holatda bu jihozlar elektr energiyasini iste’mol qilaveradi. Birgina oddiy telefon quvvatlagichini olaylik. U tokka ulangan holda qolsa, bir oyda o‘rtacha 1,5 kVt soat, yiliga 18 kVt soat energiya sarflaydi. Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr suv isitkich haqida ham shunday deyish mumkin. Ko‘pchilik suv isitkichni pult yoki elektrdan uzishga moslashgan tugma orqali o‘chiradi-yu rozetkani tokdan uzmaydi. Oqibatda u avtomatik tarzda elektr energiyasini iste’mol qiladi va iste’molchiga zarar keltiradi. Buni bilgan va jihozni elektr tokidan uzgan yutqazmaydi.

Matbuot anjumani davomida mutaxassislar jurnalistlarning savollariga batafsil javob berdi.

Akram BO‘RIYeV.