Energota’minotdagi tabaqalanishning aholiga foydali tomoni bormi?

Bugun respublikamizda o‘rtacha elektr energiyasi sarflagan xonadon rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslansa, bizda iste’mol ularga nisbatan ancha kamligi ayon bo‘ladi. Lekin behuda sarf miqdori ko‘p. Aynan tabaqalashtirilgan tariflar behuda sarfni kamaytiradi. Kamroq to‘lashni xohlaganlar tejay boshlaydi. Ortiqcha sarf qilinsa, shuncha ko‘p pul to‘lanadi.

Ushbu fikrlar mutaxassisning, aniqrog‘i, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning iqtisodiy va moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori O.To‘xtayevning gapi. U ayni paytda yurtimizda energiya ta’minoti borasida amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlar haqida o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

O.To‘xtayevga ko‘ra, mamlakatimizda uch yildan buyon energiya tariflarining o‘zgarishsiz qolayotganligi, energiya ishlab chiqaruvchilar uchun kapital xarajatlarning yetarli emasligi asosiy vositalarning eskirishini kuchaytirib, korxonalarning moliyaviy ahvolini sustlashtirib yuborganligi sir emas. Biroq o‘tgan davr mobaynida energiya tariflari o‘zgarmaganligi aholi mablag‘larini iqtisod qilishiga yordam berdi.

Jumladan, 1 Kvt/soat elektr energiyasi narxi 2014 yilda – 131,4 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015 yilda – 155 so‘mga, 2016 yilda -182 so‘mga oshgan. Keyingi yilda 204,3 so‘mga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2018 yilda - 228,6 so‘m qilib belgilangan. Nihoyat, 2019 yilda esa 295 so‘mga oshgan holatda so‘nggi uch yil davomida o‘zgarmadi.

Viloyat bo‘yicha mavjud 110/35/10/0,6/0,4 kVt kuchlanishli transformatorlarning 50 foizi texnik norma bo‘yicha yuklanish darajasi 80 foizdan ortmasligi zarur bo‘lsa-da, ularning yuklanganlik darajasi normadan ancha yuqori. Bu holat aholini va yangi ishga tushiriladigan investitsiya loyihalarini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlab berolmaslik hamda elektr ta’minotida avariyalar soni oshishi xavfini keltirib chiqarmoqda.

Yangi quvvatlarni ishga tushirish va samaradorlikni oshirish uchun birinchi navbatda yuqori malakali kadrlar va erkin pul mablag‘lari talab etiladi. Bunga energiya resurslari narxlarini saqlab turish bilan erishib bo‘lmaydi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishning haqiqiy xarajatlar miqdori bilan amaldagi sotish tariflari o‘rtasida ancha tafovut bor. Masalan, aholi xonadonlari uchun bugungi kundagi mavjud tarif 1 kilovatt soat elektr energiyasi uchun 295 so‘mni tashkil etadi. Ishlab chiqarish va tashish xarajatlarining barchasi qo‘shilsa, xarajatlarimiz o‘rta hisobda 400 so‘mdan oshadi. Ya’ni, hozirda aholi xonadonlari uchun sotilayotgan elektr energiyasi “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Milliy elektr tarmoqlari” va stansiyalar uchun foyda emas, balki zarar keltiradigan biznes toifasiga aylangan.

Transformatsiya jarayonlari, ya’ni davlat kompaniyasidan haqiqiy biznes kompaniyalariga o‘tish davri boshlab yuborilgan. Bir qancha stansiyalarimizning aksariyati tashqi manbalardan kreditlarni jalb qilish hisobiga yangilangan. Mana shu kreditlarning asosiy qismini qaytarishning vaqti yetib keldi. Bugungi kunda barcha kreditlarni qaytarish nuqtai nazaridan kelib, chiqib hisob-kitob qilinsa, bu raqam 400 so‘mdan ham oshib ketadi.

Xo‘sh, energiya bozorida narxlarni liberallashtirish va tabaqalashgan tariflarni joriy etish aholiga nima beradi?

Birinchidan, pul mablag‘lari paydo bo‘lishi bilan aholi yashash punktlarida mavjud bo‘lgan eski yordamchi stansiyalar va transformatorni yangilash, ularga tushayotgan ortiqcha og‘irlikni kamaytirish va natijada avariyalar sonini qisqartirish imkoniyati yuzaga keladi.

Ikkinchidan, elektr energiyasining chekka aholi punktlariga (qishloqlarga) uzluksiz yetkazib berilishi agrosanoat infratuzilmasini yaxshilaydi va natijada doimiy yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga turtki beradi.

Uchinchidan, mahalliy va xorijiy investorlar uchun energiya resurlari bozorining jozibadorligi ortadi. Pirovardida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimining ortishi va yangidan-yangi quvvatlarning ishga tushishi uchun yo‘l ochiladi.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar aholi tomonidan energiya samarador qurilmalaridan foydalanishga o‘tishga hamda energiya resurslarining tejamkorlik bilan ishlatilishiga turtki beradi.