Erkinjon Turdimov: Qurilishda sifat nazoratini kuchaytirish kerak, eng katta korrupsiya ham qurilish sohasida

Xalq deputatlari viloyati Kengashi sessiyasida viloyat prokurori J.Hotamov o‘z hisobotida qurilish sohasi nazoratiga oid bir qator ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat bo‘yicha tender savdolariga e’longa berilgan 81 ta ob’yektning loyiha-smeta hujjatlari o‘rganilganda, dasturga kiritilgan 40 ta umumta’lim maktablarining loyiha-smeta hujjatlaridan 211 mln. 779 ming so‘m, 20 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining loyiha-smeta hujjatlaridan 126 mln. 555 ming so‘m, 13 ta irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlaridan 240 mln. 559 ming so‘m, jami 578 mln. 893 ming so‘m iqtisod qilingan.

Jumladan, Payariq tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Sam kadastr” MChJ tomonidan 1 mlrd. 420,4 mln. so‘mga ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarida orayopma plitalar soni oshirib ko‘rsatilishi natijasida ob’yekt qiymati sun’iy ravishda 119,7 mln. so‘mga oshirib ko‘rsatilganligi aniqlangan.

Shu kabi, Urgut tumanidagi 121-maktabning fasad qismi suvoq ishlarida 145 mln. so‘m, 81-maktabda narxlarni oshirib ko‘rsatish orqali 47 mln. so‘m va Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-maktabni rekonstruksiya qilish ob’yekti smetasida material xarajatlariga 206 mln. so‘m ortiqcha ko‘rsatilganligi aniqlanib, ushbu holatlar yuzasidan Urgut tuman va Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturalari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sessiyada kengash qarori bilan:
- sohada nazorat tadbirlari doirasida aniqlanadigan qonun buzilishi holatlarini va ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

- loyihalarni tanlab olish, ularni amalga oshirish va ishga tushirish jarayonlarining barcha bosqichida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishining oldini olish va uni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;

- har bir loyihani tizimli monitoring qilish, ijrosi kechikayotgan va muammoli loyihalarni joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish kabi bir qator topshiriqlar berildi.

Kengash raisi E.Turdimov soha bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, qurilishda sifat nazoratini kuchaytirish lozimligi, eng katta korrupsiya ham qurilish sohasida ekanini ta’kidladi.