Eron: "Hech qanday o‘zgarish yo‘q"
Erondagi norozilik faollari axloq politsiyasini bekor qilish haqidagi bayonotni rad etdi. Ular hech qanday o‘zgarish ko‘rinmayotgani, “mamlakatda ayollar ahvoli yaxshilanishidan hech narsa darak bermayotgani”dan ranjimoqda.
ARTICLE19 Maxsa inson huquqlari tashkiloti mas’ul xodimi Mahsa Alimardoniyning aytishicha, Islomiy jinoiy kodeksda kiyinish qoidalariga qat’iy amal qilmaganlik uchun moddalar saqlanib qolgan:
"Mana bir necha haftadirki, Eronda ko‘p odamlar ko‘chada axloq politsiyasini ko‘rmayapti. Lekin bu ijobiy o‘zgarishmi? Yo‘q, aksincha, ular o‘rniga xavfsizlik kuchlari yetib kelishdi. Namoyishchilarni otib o‘ldirish, kaltaklash, hibsga olish, namoyishchilarga qarshi hech qanday qonuniy jarayon yoki tegishli jinoiy ayblovlarsiz qiynoqlar... Bu shunchaki chalg‘itish bo‘ldi, chunki Eronni biladigan har bir kishi muammo axloq politsiyasida emasligini yaxshi biladi".
O‘tgan dam olish kunlari mamlakat bosh prokurori Muhammad Ja’far Montazeri 2006 yilda o‘ta konservativ prezident Mahmud Ahmadinajod davrida “odob-axloq va hijob kiyish madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida” yaratilgan (2005-2013) axloq politsiyasi tugatilganini e’lon qildi.
Kutilmagan bayonot namoyishchilarga ishora sifatida ko‘rildi. Ammo dushanba kuni huquq himoyachilari uning asosliligiga shubha qilishdi va buni matbuot anjumanida berilgan savolga tayyor javob sifatida talqin qilishdi. Ular, shuningdek, axloq politsiyasining bekor qilinishi ayollar hijob o‘rash burchini hech qanday tarzda o‘zgartirmaydi, aksincha, qonun qo‘llashning boshqacha yo‘li chiqishiga ishonishadi.
Eronda 1979 yilgi Islom inqilobidan beri kuzatilmagan norozilik namoyishlari oxirgi ikki yarim oydan ortiq vaqt davom etdi. Ularga 16 sentyabr kuni Tehronda islomiy kiyinish qoidalariga rioya qilmaganlikda ayblanib, hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limi sabab bo‘ldi.