Eron poytaxti Tehrondagi tibbiy markazlarning birida portlash yuz berdi

30 iyun kuni kechqurun Eron poytaxti Tehrondagi tibbiy markazlarning birida portlash yuz berdi. Bu haqda Tasnim agentligi ma’lum qildi.

Eron tez tibbiy yordam xizmati rasmiy vakili Mojteba Xaledi bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan, 24 kishi jarohatlangan.

“Yuz bergan voqea oqibatida jarohatlanganlarning 9 nafari kasalxonaga yotqizildi va 15 nafariga voqea joyida birinchi yordam ko‘rsatildi. Afsuski, 19 kishi halok bo‘ldi”, deyiladi mamlakat tez tibbiy yordam xizmati saytida.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, gaz chiqishi oqibatida portlash va yong‘in yuzaga kelgan.

Viloyat gubernatorining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xamidreza Gudarzi ISNA agentligiga voqea sababli bir necha kishi, jumladan, tibbiy markaz rahbari hibsga olinganligini ma’lum qildi.