Ertaga test sinovlari boshlanadi: Samarqandda imtihonga tayyorgarlik qanday?
Bugun viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda Davlat test markazi vakili, Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlariga umumiy rahbar Farhod Mirzayev test sinovlariga biriktirilgan mas’ullar bilan uchrashdi.
Suhbatda test sinovlarining shaffof va adolatli o‘tishi uchun imtihonga mas’ul bo‘lgan har bir kishi vijdonan va mas’uliyat bilan yondashishi kerakligi eslatildi. Bino rahbarlari va guruh nazoratchilariga har xil adolatsizliklarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda uning oldini olish uchun nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Shundan so‘ng nazoratchilar o‘zlari biriktirilgan xonalar bilan tanishdi.
***
Samarqand shahar hokimining farmoyishiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari tugaguniga qadar Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasining Bo‘stonsaroy ko‘chasi bilan kesishgan qismidan Dahbed ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasigacha bo‘lgan qismida transport harakati vaqtincha to‘xtatiladi.
Imtihonga kelgan fuqarolar o‘z avtoulovlarini Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi SamMI klinikasining yon tomonidagi maydonda qo‘yishlari mumkin.
***
29 iyuldan 13 avgustga qadar o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etuvchi abituriyentlarning ota-onalari va ularning yaqinlari uchun SamMI klinikasi va Siyob tibbiyot kollejida kutish joyi tayyorlandi.
Ota-onalar SamMI klinikasi hovlisidagi ikkita va Siyob tibbiyot kolleji dala maydonidagi bitta monitordan imtihon jarayonini onlayn kuzatib boradi.
***
Ota-onalarning endi farzandi ortidan test o‘tkaziladigan (boshqa viloyat)joyda soatlab kutishiga hojat qolmadi. Chunki test 2019.uz saytidan Samarqand shahridagi hamda respublikamizning barcha viloyatlaridagi test jarayonlarini onlayn kuzatib borishi mumkin.
Abdujabbor PO‘LATOV.