E’tibor va imtiyoz hunarmandlar safi kengayishiga xizmat qiladi
Samarqand shahridagi "Hunarmandlar markazi"da Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrda qabul qilgan “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-77-sonli qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda uyushma mutaxassislari, boshqarmaning tuman va shahar bo‘lim boshliqlari, hunarmandlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda "Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov dastlab Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qaror mazmun-mohiyati haqida to‘xtaldi.
- Ushbu hujjatga ko‘ra, hunarmandchilikka oid loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 trillion so‘m mablag‘ ajratildi, - dedi U.Hakimov. - Jumladan, 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada "Hunarmand" uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, "Usta-shogird" maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun - 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.
2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablag‘larning 500 milliard so‘mi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi. Imtiyozli kreditlar hunarmandning talabi bo‘yicha naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi. Oldingi yillarda hunarmandlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning so‘ndirilgan qismidan hosil bo‘lgan mablag‘lar aynan hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun qayta yo‘naltirib boriladi.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.