Evropa tan olgan samarqandlik o‘ymakor qiz
Nafosat Qurbonova oddiy uy bekasi. U bolaligida shifokor bo‘lishni orzu qilgan. Tibbiyot kollejini bitirib, institutga hujjat topshirdi. Ammo omadi chopmadi. Tushkunlikka tushgan Nafosat o‘zini ovutish uchun dadasining sevimli mashg‘uloti bo‘lgan o‘ymakorlik (kandakorlik) san’ati bilan shug‘ullana boshladi.
- Dadamning kasbi asli muhandis, bu hunar uning “hobbi”si edi, - deydi Nafisa. – Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda men ham oz-moz shug‘ullanib turardim. Kollejda o‘qish bilan birga ikki yil repetitorga qatnab, tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsam-da institutga kirolmadim. Alamimni ijoddan oldim. Mehr bilan metallga ishlov berish asablarimni tinchlantirdi, ruhiyatimni ko‘tardi. Bu hunarni ikki yil davomida chuqur o‘rganishga harakat qildim. Keyin turmushga chiqdim. Oila tashvishlari, ikki yillik tanaffus va yana o‘ymakorlik bilan shug‘ullana boshladim. Turli xalqaro ko‘rgazmalarda o‘z asarlarim bilan qatnasha boshladim.
Nafosatning nafis asarlari qisqa fursat ichida nafaqat mamlakatimizdagi tanlovlar, balki nufuzli xalqaro ko‘rgazmalarda taniqli rassomlar nazariga tushib, e’tirof etila boshladi. Birgina misol, u “Turnalar” asari bilan Rossiyada o‘tkazilgan “Hayvonot dunyosi” nomli san’at haftaligida ishtirok etdi. Mazkur ko‘rgazmada bu asar birinchi o‘rinni egalladi. Ijodkorning bu kabi yutuqlari talaygina.
U xalqaro professional rassomlar uyushmasi a’zosi. E’tiborlisi, uyushma tomonidan XIX-XXI asrlarda eng mahoratli deb topilgan rassomlar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, unda Nafosat Qurbonova ham bor. Shuningdek, u Yevroosiyo rassomlar uyushmasiga ham a’zo bo‘lgan.
- Bu hunar bilan shug‘ullanishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, - deydi u. – Ayniqsa, ayol kishi uchun. O‘ymakorlik o‘tkir did, sabr-matonat, jismonan baquvvatlikni talab etadi. Bir asar ustida ishlashga oylab vaqt ketadi. Masalan, “Taxtdan haydalish” nomli hajmi kichik bir asarimni 27 kunda yaratganman. Metall tanlashda qiynalganman. Tunukani qirqish jarayonida qo‘llarim kesilib, shikastlangan. Bu asardagi toj va sochlarning shaklini chiqarish ham oson kechmagan. Ammo har qanday ish yakuniga yetgach, ko‘ngildagidek chiqsa kishiga zavq bag‘ishlaydiki, barcha qiyinchiliklar unutiladi.
Nafosat turmush o‘rtog‘i bilan uch farzandni tarbiyalayapti. Uning qizalog‘i ham musavvirlikka qiziqadi.
- Bolaligimda dadamning ishga ketganidan foydalanib, uning ustaxonasida boshlab qo‘ygan asarlarini davom ettirmoqchi bo‘lardim, - deydi Nafosat kulib. – Bigizni qattiqroq bosib metallni teshib qo‘ygan vaqtlarim kechagiday esimda. Yordam berish o‘rniga, bitay deb qolgan asarini buzib qo‘yganman. Ammo hech dadamdan dakki eshitmaganman. “Qaytar dunyo”, deganlaridek, endi qizim ba’zida menga shunday xalal berib turadi. Jahlim chiqadi, lekin bolaligim esimga tushib, uni urishmayman. O‘rganayotganidan xursand bo‘laman.
Nafosat shu paytga qadar hunarining ortidan daromad topishni o‘ylamadi. Uy bekaligidan bo‘sh vaqtlarida faqat ijod qildi, izlandi. Natijada mohir rassom bo‘lib shakllandi. U kelgusida ustaxona ochib, shogirdlar tayyorlashni va yaratgan asarlarining sotuvini yo‘lga qo‘yishni niyat qilgan.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.