Yevropada suvni tejamasa - jarima. Bizda-chi? Jarima yo‘q: suv isrof qilinib, oqizilmoqda
Yevropa davlatlariga qurg‘oqchilik tahdid solmoqda. Iqlim o‘zgarishi, yangi voqelikka yetarlicha moslashtirilmagan infratuzilma va ortiqcha suv iste’moli – bularning barchasi odamlarning normal hayotiga tahdid solmoqda.
Italiyaning Verona hukumati ichimlik suvidan texnik ehtiyojlar uchun foydalanishni taqiqlashga qaror qildi: dush, avtomobil yuvish, bog‘larni sug‘orish, basseynlarni to‘ldirish...
Yevropada suv iste’moli bo‘yicha shveysariyaliklar rekord o‘rnatmokda, ularda kishi boshiga kunlik suv iste’moli 300 litrga yetmoqda. Italiyaliklar ham tejamkorlikda ortda - 245 litr sarflaydi.
«Endi Verona aholisi o‘z odatlarini o‘zgartirishi kerak. Bu to‘g‘ri - suv, shuningdek, gaz va elektr energiyasini sarflashda o‘ta tejamkorlik zarur», «Albatta, suvni behuda quyaverish noto‘g‘ri, lekin jarimalar juda yuqori», deya fikrlaydi yevropaliklar.
Xullas endi 31 avgustga qadar ichimlik suvidan taqiqlangan maqsadlarda foydalanish niyatida bo‘lgan Verona aholisi 500 yevrogacha jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Beixtiyor o‘ylab qolasan. Xo‘sh, bizda suvni tejash borasida ahvol qanday? Hayot manbai bo‘lgan suvni oqilona ishlatyapmizmi?
Meningcha, bu savolga «ha» deb javob beruvchilar sanoqli. Chunki suvni «sharqiratib» ko‘chaga sepilishi, mashinalar yuvilishi, hatto yaqinda o‘zim guvoh bo‘lganim - tarvuz-qovunni sovutish uchun jo‘mrakni uning ustidan ochib quyish va boshqalarni kuzatish mumkin. Bu ham yetmaganidek, bebaho ne’matning turli joylarda buzuq jo‘mraklardan oqib yotganini ko‘rib yuragi achib ketadi kishining.
Bunday kimsalarning vijdoni uyg‘onishi uchun nima qilish kerak? Balki bizda ham suvni shafqatsizlarcha isrof qilayotganlar uchun jarima qo‘llash kerakdir?! Siz nima deysiz?
Gulnora Xoldorova.