Yevropadagi "Shengen hududi" kelishuvi haqida bilasizmi?
"Shengen hududi" atamasi Yevropaning 5 davlati, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya, Germaniya tomonidan shu 5 davlat o‘rtasida pasport-viza tizimi va fuqarolarning o‘zaro erkin harakatlanishlarini soddalashtirish maqsadida 1985 yilda, Lyuksemburgning Shengen qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish va shu yerda imzolangan kelishuv tufayli kelib chiqqan.
Ushbu kelishuv oradan 10 yil o‘tib, 1995 yilning 26 martidan boshlab ishlay boshladi va 1999 yilning 1 may sanasigacha, Yevropa Ittifoqi "Shengen hududi" masalasida umumevropa qonunlarini joriy qilguncha amalda bo‘ldi.
1995 yilda "Shengen hududi" kelishuvi o‘z ishini boshlaganda bu kelishuvga 7 davlat qo‘shilgan edi. Bular: Belgiya, Fransiya, Germaniya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Ispaniya va Portugaliya.
1997 yilda Italiya va Avstriya kelishuvga qo‘shildi. 2000 yilda Gretsiya qo‘shildi.
2001 yilda kelishuvga Skandinaviya davlatlari: Shvetsiya, Finlyandiya, Daniya, Norvegiya va Islandiya qo‘shilishdi.
2007 yilda kelishuvga 9 davlat: Chexiya, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya i Sloveniya qo‘shilishdi. 2008 yilda Shveysariya qo‘shildi. 2011 yilda Lixtenshteyn qo‘shildi.
Bugungi kunda "Shengen hududi" kelishuviga Yevropaning 26 davlati kirgan. Bular:
- Avstriya
- Belgiya
- Vengriya
- Germaniya
- Gretsiya
- Daniya
- Islandiya
- Ispaniya
- Italiya
- Latviya
- Litva
- Lixtenshteyn
- Lyuksemburg
- Malta
- Niderlandiya
- Norvegiya
- Polsha
- Portugaliya
- Slovakiya
- Sloveniya
- Finlyandiya
- Fransiya
- Chexiya
- Shveysariya
- Shvetsiya
- Estoniya
Yaqin yillarda bu kelishuvga Yevropaning yana 4 mamlakati qo‘shiladi. Bular:
- Xorvatiya
- Bolgariya
- Ruminiya
- Kipr.
"Shengen hududi" kelishuvi ilk imzolanganda va keyinchalik 1999 yilda Yevropa Ittifoqi o‘z nazoratiga olguncha Yevropadagi turli davlatlarning kelishuvga qo‘shilishlari birmuncha oson bo‘lgan. "Shengen hududi" kelishuvi Yevropa Ittifoqi nazoratiga o‘tganidan keyin kelishuvga qo‘shiladigan davlatlarga qo‘yiladigan talablar ancha kuchaytirildi.
Tan olish kerak, "Shengen hududi" kelishuvining joriy qilinishi bu kelishuvga qo‘shilgan Yevropa mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan. Sababi, bu kelishuvga qo‘shilgan davlatlar o‘rtasida pasport-viza masalalari, tovar ayirboshlashda bojxona tartibi juda soddalashtirilgan. Shuningdek "Shengen hududi" kelishuvi Yevropa qit’asida sayyohlikni rivolanishida ham muhim rol o‘ynadi va Yevropaga keladigan sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirdi. Sababi, bu qit’aga keladigan sayyohlar "Shengen hududi" kelishuviga kirgan istalgan mamlakat vizasini olsa kelishuvga qo‘shilgan boshqa mamlakatlarga ham erkin kirib boraveradi.