Farovonlik mezonida Ishtixon tajribasi qanchalik samarali

 Davlatimiz rahbari 15-16 aprel kunlari viloyatimizga tashrifi davomida Ishtixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator taklif va tavsiyalarini bildirdi. Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan tumanda boshlangan ishlar bilan tanishish maqsadida Ishtixonda bo‘ldik. Tuman hokimi hamrohligida hududdagi o‘zgarishlar bilan tanishdik. Dastlabki manzilimiz Xalqobod mahallasi bo‘ldi.

Bandlikni ta’minlashda Ishtixon tajribasi

- Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog‘ida tadbirkorlikka sharoit yaratib berish orqali aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdilar, - deydi tuman hokimi Shuhrat Negmatov. - Faollar bilan uchrashuvda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi fuqarolar bandligini ta’minlash uchun aniq vazifalar belgilab berildi. Faqat belgilashdan tashqari vazifalarning moddiy tomondan asosi ham ko‘rsatildi. Shu imkoniyatlardan foydalangan holda, eng avvalo, ularga kerakli asbob-uskuna olib berish orqali bandligini ta’minlashga e’tibor qaratdik.

Xalqobod mahalla markazining bo‘sh turgan xonasida 46 nafar ayolni bir joyga jam qilib tikuvchilik kooperatsiyasi tashkil qildik. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida tajribali tikuvchi va bichuvchilarni jalb etib, ayollarga tikish-bichishni o‘rgatish, hunarli qilish bilan birga ular bandligini ta’minlayapmiz.

Tumanimizda 62 mahallada 42 ming 366 xonadon, 55 ming 910 oila istiqomat qiladi. Bu oilalarda xatlov o‘tkazish natijasida “Temir daftar”ga 2953 xonadon kiritilgan. Bugungi kunda 2433 xonadon ro‘yxatdan chiqarildi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra ro‘yxatdagi fuqarolarga kerakli asbob-uskunalar olib berish orqali yil yakunigacha 218 nafar bandligi ta’minlanmagan fuqaro qoladi. Ularni tomorqalariga biriktirish, Aholi bandligini ta’minlash jamg‘armasi hisobidan subsidiyalar berish orqali “Temir daftar”dan chiqarishga erishilmoqda. “Temir daftar”da nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, mehnatga layoqatsiz, ijtimoiy ahvoli og‘ir fuqarolar saqlanib qoladi. Ularga saxovat va ko‘mak daftarimizdan maxsus mablag‘lar hisobidan moddiy yordam ko‘rsatiladi. Mahallabay ishlash tizimining afzal tomonlaridan biri har bir mahallaga bir nafadan bank xodimlari biriktirildi. Bundan tashqari, har bir sektorda iqtisodiy kompleksning tajribali mutaxassislaridan iborat boshqaruv ofisi rahbari tayinlandi. Ofisga iqtisodiy kompleksning 5 nafardan malakali xodimlari biriktirildi. Ular mahallalarda yurib aholining ehtiyojlarini, daftardan chiqarilgan fuqarolarning faoliyatini o‘rganadi. Ilgari mahalla raisidan tadbirkorlikka ishtiyoqi bor fuqarolarning ro‘yxatini so‘rasak raislar tanishlarining ro‘yxatini berardi. Mahallabay ishlashda tajribali bank xodimlari tadbirkorlikka ishtiyoqi bor fuqarolarni tez aniqlaydi va boshqaruv ofisiga o‘z tavsiyasini beradi. Bu real tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shafran boy qiladigan o‘simlik(mi?)

- “Temir daftar”dan chiqarish bo‘yicha tumandagi 2955 nafar kam ta’minlangan oilada o‘zgacha yondashuv qildik, - deya so‘zida davom etdi hokim. – Ya’ni, tomorqadan foydalanib daromad olish. Tomorqada shafran guli ekish masalasida uch-to‘rt yildan buyon ishlayapmiz. Ko‘plab oilalar shu ekindan yaxshi daromad olib, kambag‘allikdan chiqdi. Biz avvalo, yovvoyi shafranni tanladik. Ayrim joylarda madaniy shafranga talab katta. Bunday urug‘lar xorijdan qimmat narxga olib kelinadi, mineral o‘g‘it berish lozim, qolaversa kasallikka tez chalinadi, suv ko‘p talab qiladi va xarajati yuqori. Yovvoyi shafran eksak, bir sotix maydonga ming so‘mlik urug‘ ketadi. Bir sotixdan o‘rtacha 5 kilogramm hosil olinishi va ichki bozorda uning narxi o‘rtacha 500-700 ming so‘m ekanligini hisobga olsak, bir sotixdan 2,5 million so‘m, 10 sotix tomorqadan 25 million so‘m sof daromad olish mumkin. Bu o‘simlikni ekkandan so‘ng bir marta chopiq qilinadi va kam suv talab qiladi. Tikanli bo‘lgani uchun mol-qo‘y yemaydi, mineral o‘g‘it umuman berilmaydi. Aksincha, bir gektar maydonda 100 kilogramgacha azot jamg‘ariladi. Yana bir afzalligi birinchi ekin sifatida ekib, yigirma kun tong paytida guli terib olinadi, bo‘shagan maydonga takroriy ekin ekish mumkin. Bu beor yaxshi daromad beradigan o‘simlik deyishimiz mumkin. Rentabellikka qaraydigan bo‘lsak, qishloq xo‘jalik ekinlarida birorta o‘simlikdan gektariga 250 million so‘m daromad olinmaydi. Bir gektarga jami 5 million so‘m ham xarajat ketmaydi. Unda nega hamma joyga shafran ekilmaydi, degan savol paydi bo‘ladi? Buni avval o‘rgandik. Dastlab birinchi sektor hududidagi Beshariq va Xina qishloqlaridagi 3 ta tomorqachi ekib ko‘rdi, keyin 37 xonadonda ekildi, 2020 yilda 87 tomorqachi ekib, daromad oldi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra hozir ular qatoriga Xalqobod va Safoxo‘ja mahallalari ham qo‘shilib, 2021 yilda 224 xonadonda shafran ekib parvarishlanyapti. Xitoylik tadbirkorlar bilan tumanimizda shafran gulini qayta ishlovchi korxona ochish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz. Ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, 1 kilogramm shafran gulining narxini 1 million so‘mga yetkazsak, aholi 10 sotix tomorqasidan 50 million so‘m daromad olsa Ishtixonda birorta kambag‘al oila qolmaydi. Kelgusida kambag‘al va “Temir daftar”dagi oilalarni shafran urug‘i bilan ta’minlash uchun bu yil ikkita fermer xo‘jalik tasarrufidagi 12 gektar maydonda shafran ekildi.

- Mahallamizda 667 ta xonadon, 4524 aholi yashaydi, - deydi Beshariq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Obidjon Ro‘ziyev. – Mahallamiz asosan dehqonchilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan. 350 ta xonadonda issiqxona bor. Mahalladagi 41 xonadon 2019-2020 yillarda “Temir daftar”ga kiritilgan. Jumladan, Sanchiqul qishlog‘ida 63 ta xonadonda 292 aholi yashaydi. Qishloqdagi 11 xonadon “Temir daftar”ga kiritilgandi. Hozirda meva-sabzavot va asosan shafran guli daromadi hisobiga oilaviy sharoitlari yaxshilanib daftardan chiqarildi.

 Beshariq mahallasida ishsiz yoshlar birlashtirildi

Yoshlarga yer ajratish orqali ularning bandligini ta’minlash ham e’tibordagi masala hisoblanadi. “Yoshlar daftari” shakllantirilganda tumanda 7873 nafar yoshning ishsizligi aniqlandi. Manzilli ro‘yxat asosida joriy yilda 2535 gektar maydon ajratib, ularning bandligini ta’minlash rejalashtirilgandi va birinchi chorakda 210 gektar paxta va g‘alla maydoni fermerlar tomonidan shudgorlanib, ekishga tayyor holda 1015 nafar ishsish yoshga ajratildi. “Yoshlar daftari” hisobidan 100 nafar yoshga 34 tonna kartoshka urug‘ini bepul tarqatdik. 

- Har yili pul topish uchun boshqa joylarga ishga borishga majbur bo‘lardim, - deydi shu mahallada yashovchi 19 yoshli Umid Jovbo‘riyev. - Yoshlar bandligini ta’minlash dasturi asosida o‘z mahallamdan 20 sotix yer ajratildi va bu yerga pomidor ekdim.

Ishtixonda mahallalarning ixtisoslashuvi bo‘yicha 6 yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Beshariq, Xalqobod, Murodobod, Safoxo‘ja mahallalari kartoshka, sabzavotchilik, Kattaqangli, Minglar, Ravot mahallalari asosan qulupnay yetishtirishmoqda. Tumanning yuqori zonasi – Mitan hududidagi mahallalar uzumchilikka ixtisoslashgan.

 Bepul tibbiy xizmatning Ishtixon tajribasi yo‘lga qo‘yiladi

- “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda birlamchi tibbiy xizmat bepul, deb ko‘rsatilgan, - deydi Sh.Negmatov. - Aslida esa tibbiy xizmatlar bepul emas ekan. O‘rganishlarga ko‘ra respublikamizda tibbiy xizmat uchun har bir fuqaroga 450 ming so‘m ajratilib, bu ko‘rsatkich tumanimizda 110 ming so‘mga to‘g‘ri kelarkan. Oilaviy poliklinikalarda ya’ni birlamchi tizimda bu har bir fuqaroga 4890 so‘mni tashkil qiladi. Bu aslida 4 xil qon tahlili va 2 xil dori-darmon, shprits, spirt, paxta va boshqa birinchi yordam ko‘rsatish uchun yetar ekan, xolos. Keyingi tahlillar, 5 kunlik muolaja, kerakli dori-darmonlar yoki yana 8 xil qon tahlillari o‘tkazishning imkoni yo‘q ekan. Buni tahlil qilib mablag‘ni hisob-kitob qilganimizda 8 xil qon tahlillari uchun bizga 11 ming so‘m, dori-darmonga 4 ming, jami 15 ming so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tuman bo‘yicha 2 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ zarur ekan. Xususan, ikkinchi chorak uchun 500 million so‘m mablag‘ lozim va byudjet parametrlarining orttirib bajarilgan qismidan bu mablag‘ni berishimiz mumkin. Tuman kengashining sessiyasida shu mablag‘ni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tumanda 110 ta tibbiy brigada tashkil qilinib, to‘liq xatlov o‘tkazildi. Xatlovda 244 ming fuqaroning manzilli ro‘yxati shakllantirildi va tibbiy xaritasi tashkil etildi. Bunda fuqarolarimizni 4 guruhga, ya’ni sog‘lom fuqarolar, sog‘lomlar lekin sog‘lom turmush tarziga amal qilmaydiganlar, dispanser nazoratida turadiganlar, og‘ir kasallikka chalingan va nogiron fuqarolarga bo‘ldik. Birinchi guruhdagi fuqarolar 43 foizni, ikkinchi guruhdagilar 35 foizni, uchinchi guruhdagilar 17 foizni va to‘rtinchi guruhdagilar 4,5 foizni tashkil qiladi. Ya’ni, uchinchi va to‘rtinchi guruhdagi fuqarolar tumanimizda 50 ming kishi ekan. Agar birlamchi tizimni bepul qiladigan bo‘lsak, birinchi va ikkinchi guruhdagi fuqarolarimizning uchinchi va to‘rtinchi guruhga o‘tib ketishining oldi olinadi.

Prezidentimiz Bosh vazir o‘rinbosari va Sog‘liqni saqlash vaziriga Ishtixon tumanida birlamchi tibbiy xizmatni bepul qilish va buni boshqa tumanlarga namuna qilish bo‘yicha topshiriq berdilar. Bu bo‘yicha ishlar boshlandi. Ya’ni oilaviy poliklinikalarda bepul xizmat tizimi Ishtixonda sinovdan o‘tadi va boshqa tumanlarga namuna qilinadi. Hozir tumanda 4 ta qishloq vrachlik punkti va 8 ta oilaviy poliklinika ishlab turibdi. Ularda sifatli va bepul tibbiy xizmatlarning nazoratini tuman kengashi deputatlari nazorat qiladi.

 Baliq emas, qarmoq so‘radik

Tumanda 1338 kilometr ichki yo‘l bor va uning 730 kilometri ta’mirtalab ahvolda. Har yili 30 kilometrga yaqin yo‘l asfalt, 50-60 kilometr yo‘lga tosh yotqizish ishlari olib borilmoqda. - Shu tartibda ishlaydigan bo‘lsak, 730 kilometr yo‘lni ta’mirlash uchun 15 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi, - deydi Sh.Negmatov.

- Shu bois, davlatimiz rahbaridan ikki yilda qaytarish sharti bilan 20 milliard so‘m ssuda so‘radim. Bu mablag‘ hisobidan tumanimizda ishlamay turgan asfalt zavodini ishga tushirish, texnikalar xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Murojaatdan so‘ng shu kuni respublika «Avtoyo‘l» hissadorlik jamiyati raisi kelib Mitan-Ishtixon yo‘lini o‘rgandi, ertasi kuni bu yo‘lda kapital ta’mirlash ishlari boshlandi. Moliya vazirligi tomonidan 20 milliard so‘m ssudani ajratish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Tez orada mablag‘ ajratilishi bilan asfalt zavodini tiklash ishlarini boshlaymiz.

 Vijdon yig‘ilishi bo‘ldi

- Avval faqat qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlarimiz bilan maqtanardik, - deydi Ishtixon tumani hokimi. - Yurtimizdagi islohotlar tufayli hozir elektr energiyasi va tabiiy gaz tushumlari bilan shug‘ullanish tegishli idoralarning vakolatiga o‘tgan. Qishloq xo‘jaligida esa klasterlarning paydo bo‘lishi bilan agrar sektordagi barcha masalalar yechimi bilan ular mashg‘ul bo‘lmoqda. Bizning asosiy vazifamiz xalqni rozi qilish bo‘lmoqda. Prezidentimiz topshiriqlari asosida mahallalardagi haqiqiy ahvol o‘rganilib, avval bekitilgan bo‘lsa ham kambag‘allik ahvoli o‘rganilib, undan chiqishga harakat qilinyapti. Bu borada ish rejalar tuzilib, maqsadimizni belgilab olayotganimiz tufayli o‘zimizning ishimizdan ozgina bo‘lsa ham qoniqish hissi paydo bo‘lmoqda.

Davlat rahbarining viloyatga tashrifi davomidagi faollar yig‘ilishi tom ma’noda vijdon yig‘ilishi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz barchamiz “daftar”larga kiritilgan fuqarolar bandligini ta’minlash, tadbirkorlarga ko‘maklashish borasida va’da berdik, ularga yordamchi bo‘lishni zimmamizga oldik.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Baxtiyor Mustanov (foto).