Farzandingizga qachon kitob sovg‘a qilgansiz?
Ochig‘i, bu savolni berish yaqinda ushbu saytda “Samarqanddagi to‘yda kitob tarqatildi” maqolasini o‘qigandan so‘ng xayolimdan o‘tdi.
Haqiqatan ham biz yillar davomida yig‘inib, dabdabali to‘y qilamiz, farzandimizga mashina olib beramiz, ziyofat-u bazmlarga mablag‘ topamiz, maktabga boradigan farzandimizga qo‘l telefoni sovg‘a qilamiz, ammo bitta kitob sotib olmaymiz. Kitob do‘konlariga borishga vaqtimiz ham, xohishimiz ham yo‘q. Ota-onalar esa farzandi bilan birgalikda kitob o‘qimay qo‘ydi. Maqolada muallif bunga barham berishning eng to‘g‘ri yo‘llaridan birini aytgan. To‘ylarimizda turli qimmatbaho sovg‘alardan ko‘ra kitob tuhfa etishni odat qilsak juda yaxshi ish bo‘ladi.
Chunki kundalik hayotimizga internet imkoniyatlari keng kirib kelgandan buyon odamlar orasida kitob o‘qish anchayin susaydi.
To‘g‘ri, keyingi paytlarda kitobxonlikka davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. “Eng yosh kitobxon” tanlovi, turli ma’rifiy tadbirlar tashkil etilyapti. Biroq uning natijasi yaqqol ko‘zga tashlanmayapti.
Esimda, 5-6 sinfda o‘qib yurgan paytimdan ertak, afsona, qissa va fantastik romanlar o‘qirdim. Ayniqsa, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Shirin qovunlar mamlakati yoki sehrgarlar jangi”, “Sariq devni minib” asarlari, “Mungli ko‘zlar” romanini qayta-qayta o‘qiganman. Ular orqali yolg‘on gapirish yomon oqibatlarga olib kelishini, yoshlikdan bilim olishga intilish lozimligini, kattalarga hurmatni o‘rgandim. Kitobga mehrim yil sayin oshib boraverdi. Talabalik yillarimdan boshlab o‘qib chiqqan kitoblarim haqida yozib borish uchun daftar tutdim. Avvalo, unga o‘qilgan kitoblarimning muallifi, nomi, qayerda, qachon nashr etilgani, asar qahramonlari hamda kitobdagi hikmatnamo gaplar, ibratli so‘zlarni yozib qo‘yaman. Oxirida kitob haqidagi fikr-mulohazamni qisqacha bayon qilaman. Men buni kimgadir ibrat bo‘lar, degan niyatda aytayapman. Chunki ko‘p kitob o‘qiganim oliy o‘quv yurtiga kirishimga, tahsil olishimga, hayotda o‘z o‘rnimni topishimga eng asosiy rol o‘ynagan.
Bugun ham bolalarda kitob o‘qishga mehrni, mutolaa madaniyatini maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlash lozim. Bog‘chalarda kitob javonlarining tashkil etilishi bolaning kitobga bo‘lgan mehrini uyg‘otadi. Uni kitob o‘qishga qiziqishini oshiradi.
Baxtigul ASROROVA,
Oqdaryo tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi.