Favqulodda holatda nima qilish kerak?
Samarqand shahrida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 2020-2021 yil qish mavsumini betalafot o‘tkazish yuzasidan “Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish” oyligi doirasida ko‘rgazmali maxsus taktik o‘quv-mashqi o‘tkazildi.
Sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari sport maktabida tashkil etilgan o‘quv-mashqi nazariy va amaliy bosqichlarda o‘tkazildi.
Tadbirning nazariy qismida viloyat gaz, elektr va suv ta’minoti, “Temiryo‘lyonilg‘ita’minlash” AJning xududiy filiallari va boshqa kommunal soha tashkilotlarining qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun jalb etiladigan kuch va vositalari, shuningdek, viloyat FVB yong‘in-qutqaruv qismlari va tez tibbiy yordam brigadasi kuch va vositalarining saf ko‘rigi o‘tkazildi.
Unda elektr energiyasi bilan bog‘liq avariyalarni bartaraf etishga mo‘ljallangan avariya tiklash brigadalari texnikalari, gaz ta’minoti filialining aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi texnikalari, gaz tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan avariya tiklash brigadalari texnikalari, kommunal soha tashkilotlarining texnikalari, asbob-anjomlari va jihozlari mavsumga shay holatga keltirilganligi o‘rganib chiqildi.
Ular tomonidan asbob-anjomlar, maxsus jihozlar ko‘rgazmali tarzda namoyish qilindi. O‘quv mashg‘ulotining amaliy qismida kuch va vositalar yordamida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda qanday harakatlanish kerakligi ko‘rsatildi.
Tadbir davomida aholi va hududlarni gaz, elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti (ko‘mir) bilan ta’minlanishi holatini yaxshilash, aholiga to‘g‘ri va samarali tarqatilishi, ular tomonidan foydalanish jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etilishida amaliy va nazariy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Rustamjon ANOROV.