FHDYO arxividan ma’lumotnoma ilgari 15 kunda berilgan bo‘lsa, bugun DXM orqali 3 kunda berilyapti
Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ushbu o‘zgarishlarni doimiy kuzatib, o‘z fikr va mulohazalarini, talab hamda takliflarini bildirayotganligi natijasida sohalar rivoji yo‘lidagi byurokratik to‘siqlar, korrupsiya kabi illatlarning oldi olinmoqda.
Davlat xizmatlari markazlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi tizim hisoblanadi. Mazkur tizimning yaratilishida 10 dan ortiq ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganib chiqildi.
Davlat xizmatlari markazlari fuqarolarning mushkulini oson qilish, vaqtini tejash, tashkilot, idora va muassasalar faoliyatiga ishonchini mustahkamlash maqsadida “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida faoliyat yuritib kelmoqda.
Hozirgi kunda viloyatimizning barcha tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlarida elektron navbat joriy etilgan. Bu esa markazga kelgan fuqarolar o‘rtasida tartibsizliklar kelib chiqishining oldini olishga imkon yaratmoqda. Vaholanki, 120 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgan Davlat xizmatlari markazlariga murojaat bilan kelayotgan jismoniy va yuridik shaxslar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Birgina, Samarqand shahar Davlat xizmatlari markaziga bir kunda 1000 dan ortiq fuqarolar turli sohalar bo‘yicha murojaat bilan kelishadi.
Joriy yilning 25 dekabr kuni Zarnews.uz sayti orqali jurnalist Xurshida Ernazarova tomonidan “Yagona darcha Davlat xizmatlari markaziga aylantirildi. Nima o‘zgardi?” nomli maqolasi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Birinchidan, har bir DXMlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohalar bo‘yicha sektorlarga bo‘lingan. Fuqarolarning tushlik paytida ham markazga tashrif buyurishi hisobga olinib, xodimlar o‘rtasida uzluksiz ish jadvali yo‘lga qo‘yilgan.
Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi 134-son qarori bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentga muvofiq axborot-kommunikatsiya tizimi orqali FHDYo arxivlari so‘rovnoma tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida so‘ralayotgan ma’lumotlarni tegishli FHDYo organlarida mavjud yoki mavjud emasligini aniqlab, QR-kod qo‘yilgan ma’lumotnomani rasmiylashtiradi hamda tegishli Davlat xizmatlari markaziga yuboradi.
Biroq Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ushbu xizmat joriy etilishidan avval FHDYo arxividan ma’lumotnomalar qonunchilikka muvofiq 15 kun muddat ichida taqdim etib kelingan.
Uchinchidan, bolalarni bog‘chaga joylashtirish normativ hujjatlarga asosan, markaz xodimlari tomonidan fuqarolardan faqat ariza qabul qilinadi. Qabul qilingan arizalar esa Maktabgacha ta’lim vazirligining “OPEN EMIS” saytiga yuboriladi. Arizaning javobi faqat onlayn tarzda keladi. Markaz xodimlari esa bu haqda fuqaroni xabardor qiladi. Shuningdek, har bir tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlarida Maktabgacha ta’lim vazirligining telegramdagi @MtmNavbatBot manzili osib qo‘yilgan. Fuqarolarga ushbu manzil orqali ham onlayn navbat haqida xabardor bo‘lib turishlari to‘g‘risida ma’lumot beriladi.
To‘rtinchidan, maqola so‘nggida keltirilgan ma’lumot bo‘yicha ya’ni, markaz xodimlari tomonidan bitta ko‘p qavatli uyda yashovchilarning hujjatlariga ikkita mahallaning nomi yozilishi kabi holatlar kuzatilmagan. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, markazga murojaat qilgan har bir fuqaroning arizasida keltirilgan ma’lumot uchun murojaatchining shaxsan o‘zi mas’uldir. Arizada ko‘rsatilgan manzil va boshqa ma’lumotlar fuqaro tomonidan to‘ldiriladi. Lekin yuqoridagi holat yuzasidan fuqarolardan ham, “Markazgazta’minoti” unitar korxonasining shahar filialidan ham og‘zaki yoki yozma ravishda hech qanday shikoyat tushmaganligini ma’lum qilamiz.
Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganiga bu yil ikki yil to‘ldi. Bugungi kunda xalqimizga tezkor, qulay va shaffof xizmatlarni ko‘rsatishda innovatsion axborot texnologiyalariga tayangan holda ishlar olib borilmoqda. Albatta, hali oldimizda turgan vazifalar ko‘p. Faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirish birinchi o‘rinda turgan dolzarb masalalardan biridir. Shu bois nafaqat bizning tizimda, balki barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarni, ba’zi kamchiliklar haqida jamoatchilikni xabardor qilishda albatta, OAV vakillarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Jurnalistlar tomonidan bildirilgan har bir ijobiy va tanqidiy fikr-mulohazalarni to‘g‘ri qabul qilish bugunning talabi hisoblanadi. Zero, ommaviy axborot vositalari har doim jamiyat taraqqiyotining ko‘zgusi bo‘lib kelgan.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.