Firibgarlikni kasb qilgan shaxsning bir nechta jinoyatni sodir etgani aniqlandi
2019 yil iyun oyining oxirlarida 26 yoshli F.S. Toshkent shahar Yashnobod tumanida 43 yoshli N.X. ni aldab, uning ishonchiga kirib, tumandan bir xonali uy olib berishni va’da qilib, undan 47.500.000 so‘m pullarni qo‘lga kiritgan. Ammo bergan va’dasini bajarmasdan, pullarni o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Shuningdek, F.S. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 28 yoshli A.K.ning ishonchiga kirib, unga egasiz, lekin texnik hujjati mavjud bo‘lmagan “Cobalt” rusumli transport vositasini 4.000 AQSh dollari evaziga olib berish va nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. 2020 yil 12 yanvardan 15 fevralga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida A.K.dan jami 33.205.000 so‘m va 700 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritgan va o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Bundan tashqari, F.S. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2020 yil yanvar oyi davomida A.K.ga o‘zini davlat notarial idorasida prokuratura va YHXB idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali “Cobalt” rusumli transport vositasining hujjatlarini uning nomiga o‘tkazishni ijobiy hal qilib berishini aytib, uni pora berishlikka og‘dirib, A.K.dan jami 21.595.000 so‘m miqdoridagi pullarni va chiroyli davlat raqamini rasmiylashtirib berishini va’da qilib, 6.460.000 so‘m miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va o‘zining ehtiyojlariga sarflagan.
Bundan kifoyalanmagan F.S. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2020 yil fevral oyida A.K.ga “UAZ Patriot” rusumli transport vositasini sovg‘a qilishini va’da qilib, evaziga 700 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishi kerakligini ma’lum qilgan hamda A.K.dan 700 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani bo‘yicha IIO FMB 2-IIB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, F.S. JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi, 168-moddasi 3-qismi va 28-221-modda 2-qismi bilan ayb e’lon qilinib, F.S. yetkazgan moddiy zararini tergov jaranyonida qoplaganligi sababli unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovga yuborilishi masalasini hal qilish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Hurmatli fuqarolar firibgarlar to‘riga tushib qolmang, arzon avtomashina yoki uy olish niyatida yillab halol yiqqan pullaringizni aldovlarga uchib, o‘z qo‘lingiz bilan firibgarlar qo‘liga topshirib qo‘ymang. Qonunga xilof ravishda qing‘ir yo‘llar bilan nisbatan arzon mulkka egalik qilaman, deb firibgarlardan jabrlanib qolmang, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov depratamenti axborotida.