Firibgarlikning ko‘payishi, noqonuniy qarorlar, jazodan qutulib qolishga urinish...

Samarqand viloyati sudining 2023 yildagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida sudlarda ko‘rilgan shu va boshqa qonunbuzarliklarga oid faktlar, odil sudlovni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbir avvalida jurnalistlar viloyat sudi binosi hamda sudyalar faoliyati bilan tanishtirildi.

2011 yilda foydalanishga topshirilgan binoning loyihasi aynan sud ishiga moslashtirilgan. Unda sudyalar, ularning yordamchilari, murojaatchilar uchun zarur barcha sharoitlar bor. Sud zallari ishni onlayn ko‘rish imkonini beruvchi qurilmalar bilan jihozlangan.

Matbuot anjumanida Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov hamda uning o‘rinbosarlari mavzu bo‘yicha ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan yili viloyatdagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan jami 6345 nafar shaxsga nisbatan 5163 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. Shundan 3850 ta ish bo‘yicha 4946  nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilib, 1381 nafar shaxsga nisbatan 1294 ta ish tugatilgan. Sudlangan shaxslarning 505 nafarini ayollar, 1698 nafarini yoshlar, 137 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.

Shu davrda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 9 ta jinoyat ishi bo‘yicha 11 nafar shaxs oqlangan. 1232 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 1306 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Biroq tahlillar o‘tgan yilda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyati bilan sudlanganlar 2022 yilga nisbatan 51 nafarga, firibgarlik bo‘yicha 51 nafarga, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish bo‘yicha 78 nafarga ko‘payganini ko‘rsatmoqda.

— Darhaqiqat, keyingi yillarda sudlarda ko‘rilayotgan firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar salmog‘i ko‘paydi, - deydi O.Hayitov. - Shunday holatlar bo‘ldiki, ayblanuvchi tomon da’vogarlarga pulni bir haftada qaytarib berishini aytib yarashadi va qonun talablariga ko‘ra sud ishi tomonlarning iltimosi bilan tugatiladi. Ammo oradan vaqt o‘tib, firibgar fuqarolarni ikkinchi marotaba aldagani ma’lum bo‘ladi. Shu bois sudlar tomonidan ayni jarayonda fuqarolarga tegishli huquqiy maslahatlar berilib, takroriy jinoyatlarning oldi olinmoqda.

Jurnalistlar masalaning ikkinchi tomoni, ya’ni firibgarlik uchun belgilangan jazo chorasi va yarashtiruv institutining samaradorligi masalasini ko‘rib chiqish taklifi bilan chiqdi. Qonunbuzarning yetkazgan zararni qoplab, jazodan qutulib qolayotgani shu turdagi jinoyatlar sonining ortishiga xizmat qilayotgani taxmin qilindi. Mas’ullar bu bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilgani hamda Oliy sudga tegishli takliflar kiritilganini ma’lum qilishdi.

Tadbir doirasida viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev ishtirokida brifing ham bo‘lib o‘tdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yili ma’muriy sudlarda tuman va shahar hokimlarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq 471 ta ish ko‘rilgan. Shundan 219 ta qaror haqiqiy emas deb topilgan. 16 holatda qurilish bo‘limi mansabdor shaxslari, 64 holatda soliq idoralari mansabdorlarining xatti-harakati qonunga xilof deb topilgan. O‘z navbatida apelyasiya instansiyalarida ko‘rilayotgan ishlar 24 foizga oshgan.