Fojiadan "piar" yasamaylik!
Do‘stlarim o‘zimizning teleko‘rsatuvlarini ko‘rmaymiz, deyishsa, bepisandlikka yo‘yardim... Imkonim bo‘lib, tok-shoular, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarni kuzata boshladim va ular nega bu dasturlardan ensasi qotishini tushunganday bo‘ldim...
Deyarli barcha telekanallarda ko‘rsatuvlar formati bir xil, mavzular ham. Ko‘ngilochar dasturlar, tok-shoular, hujjatli filmlar bir paytda, bitta muammoni, turli boshlovchilar tomonidan taqdim etishadi.
Achinarlisi, hozirda ayrim mashhur teleboshlovchilar ham studiyada "baqir-chaqirlar" bilan dastur reytingini ko‘tarishga intilayotganga o‘xshab ketadi.
Misol uchun, turmushi darz ketgan yo shu jarayondagi er-xotinlar oilaviy sirlarini ayamasdan butun dunyoga doston qilayotganiga uyalib ketasan kishi. Kamiga muammoni tagiga yetish, vaziyatni aniqlashtirish uchun yana yaqin qarindoshlar — qaynona, qaynota va shu kabi kishilar ham dasturga jalb qilinadi... Ular studiyada ayovsiz janjallashadi, bir-birini ayblaydi.
Kamiga dastur yakunida ham bir xulosaga kelinmaydi, mutaxassislar tomonidan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi, xolos. Aytib bo‘lmaydigan gaplar bilan dunyoga jar solinadi, lekin yakun samarasiz!
Turmushda nimalar bo‘lmaydi, hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin, buni butun dunyoga jar solish kerakmi? Koshki bu kabi hodisalar kamayayotgan bo‘lsa, aksincha, ko‘payyapti. Bu shov-shuvli dasturlarning natijasi bo‘lsa, ajabmas! Fojialardan piar yasalayotgandek, go‘yo...
Ko‘ngilochar dasturlardagi aktyor va aktrisalarning nutqi, xatti-harakatlaridan ham ko‘nglingiz qolib ketadi. Bachkana, bir-birini hurmat qilmaydi, xurmacha qiliqlar va hokazo. Adabiy til normalari ham bu paytlarda "dam olayotgan" bo‘ladi.
Ustozlarimiz televideniye, radioning eng dastlabki va asosiy sharti — nutq va adabiy til, deb o‘rgatishgan. To‘g‘ri, televideniye uchun husn, qaddi-qomat ham albatta kerak, lekin bular eng asosiysi emas! Mazmun-mohiyat birlamchi, shaklu shamoyil emas!
TVda ish boshlagan paytlarimizda bitta so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilish yoki lavha matni (syujet matni) uchun ustozlarimizdan ko‘p tanbeh eshitardik, ko‘p mashq qilardik, takrorlardik, tahrirlardik va hokazo. Bugun telejurnalistika qoidalari boshqacha bo‘lib ketib, biz bexabar qoldikmikan, deb o‘ylab qolyapman, rosti. Nima qilib bo‘lsa ham mashhur bo‘lish, yo‘q "trend"da bo‘lish, odamlarning esida qolishmi?
TVning tarbiyaviy ahamiyati bugun internetnikini ortda qoldirsa ham, ko‘pchilik baribir uni ko‘radi. Biz ham hamma qatori, masalan, kechki paytlarda oilaviy tomosha qilamiz. Ovqatlanayotgan paytimiz aynan ana shu tok shoular efir vaqtiga to‘g‘ri kelarkan.
O‘g‘lim,bir kuni "Nega shu janjallarni tomosha qilasiz, nimasi qiziq?", deb norozi bo‘lib so‘rab qolganida javob berishga qiynalib qoldim, rosti...
Sizlarda ham shundaymi?
Gulchehra Berdiyorova.