Fors ko‘rfazida AQSh va Eron o‘rtasida yuzaga kelgan keskin vaziyat qanchalik jiddiy?

Dastlab AQSh Prezidenti Donald Tramp Fors ko‘rfazida Amerika kemalariga yaqin kelgan Eron kemalarini yo‘q qilishni buyurdi. Unga javoban Tehron ham AQSh xarbiylari hujumga o‘tsa, jim qarab to‘masliklarini ma’lum qildi. Nima sababdan hozirgi og‘ir vaziyatda ikki mamlakat vaziyatni keskinlashtirmoqda?
Aprel oyining boshlarida Eronning harbiy dengiz kemalari bir necha bor AQSh dengiz harbiy kuchlari (DXK) kemalariga yaqin masofaga kelgan va ketishlari to‘g‘risidagi talabni bajarishga shoshilmagan. Bir necha haftadan so‘ng Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQK, Eron harbiy kuchlarining yetakchi bo‘linmasi) tegishli bo‘lgan katerlardan biri AQSh esmins kemasi yonginasida bir soatdan ortiq qolib, turli qiliqlar qilgan va amerikaliklarning asabiga tekkan.
Bu voqeadan so‘ng Tramp AQSh kemalari yoniga yaqinlashgan har qanday Eron kemasini yo‘q qilishni buyurdi.
Rasmiy Tehronning fikriga ko‘ra, AQSh ko‘rfazda noqonuniy joylashib olgan va dengiz huquqlari qoidalarini buzmoqda. “Ular bizdan jiddiy javob oldi”, dedi Eron kontr-admirali Alireza Tangsiri Trampning tahdidiga javoban.
Vaziyat og‘zaki tahdidlar bilan chegaralanmadi. IIQK rahbariyati Fors va Ummon ko‘rfazlarida Amerika aviatashuvchilariga qarshi uchish masofasi uzoqlashtirilgan raketalar joylashtirilishini ma’lum qildi.
“Ilgari ularning ta’sir radiusi 45 kilometrdan oshmagan bo‘lsa, ayni vaqtda bizda 700 kilometrgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishga qodir raketalar turi mavjud”, deb qo‘shimcha qildi Tangsiri.
Biroq Eron erishgan eng asosiy yutuq – bu fazoga uchirilgan dastlabki “Nur” nomli sun’iy yo‘ldosh. “Yaratganning marhamati bilan Eron fazoviy mamlakatga aylandi. Uskuna xorijiy mamlakatlar yordamisiz va AQShning sanksiyalariga qaramasdan bunyod etildi”, dedi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan parvozdan so‘ng IIQK komandiri Xoseyn Salami.
Vaziyatni kuzatib turgan mutaxassis Andrey Baklitskiyning fikriga ko‘ra, Trampning Eron kemalarini o‘qqa tutilishi to‘g‘risidagi buyrug‘i ijro etilmaydi. “Oq uy rahbarining ijtimoiy tarmoqlardagi so‘zlari har doim ham vaziyatni to‘g‘ri yoritmaydi. Jurnalistlar tomonidan “Trampning buyrug‘idan keyin nima o‘zgaradi” degan savolga amerikalik harbiylar uzoq o‘ylanib qoldi va hozircha hech narsa deya javob bermadilar”, deya tushuntirdi mutaxassis RIA Novosti nashriga.
Baklitskiyning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron katerlari haqiqatdan ham AQSh DXK tahdid solganlarida ularni shunchaki cho‘ktirib yuborishardi.
“Amerikaliklar turli keskinliklarga borishni istamaydi. Shundoq ham ular hozir og‘ir ahvolda. “Teodor Ruzvelt” aviatashuvchi kema ekipaji a’zolari koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldilar. Ayni vaqtda Fors ko‘rfazida boshqa aviatashuvchi kreyserlar ham mavjud. Biroq ular boshqa yo‘nalishlarni ham nazorat qilishlari zarur. Asosiy masala – Xitoyga bosim o‘tkazish bo‘lib turipti. Shu sababdan ham AQSh dengiz floti Eron qirg‘oqlariga qo‘shimcha kuchlarni yuborishdan manfaatdor emas”, deb taxmin qildi siyosatshunos.
Baklitskiyning ta’kidlashicha, Eron hukumati ham jang qilish ishtiyoqida emas. Barchaga moliyaviy yo‘qotishlarsiz to‘qnashuv davom etayotganini ko‘rsatish muhim.
“AQSh va Eron qarama-qarshiligida vaqt AQShga qarshi ishlamoqda. Vashington sanksiyalar joriy etdi, Eron kemalarini o‘qqa tutdi, hatto Sulaymonni o‘ldirishgacha bordi. Ammo Tehron raketalar uchirishni davom ettirmoqda va umuman amerikaliklarning g‘ashiga tegishda davom etmoqda”, - ta’kidladi Baklitskiy.
“Trampning Prezidentligi birinchi muddati yakuniga yetmoqda. Tashqi siyosatdagi muhim vazifalardan biri – Eronni jazolash amalga oshirilmadi”, deya fikriga yakun yasadi mutaxassis.