Gaitida 17 amerikalik missioner o‘g‘irlab ketildi
New York Times Gaiti xavfsizlik xodimlari ma’lumotiga tayanib, bosmachilar Port-o-Prensda AQShlik 17 ta nasroniy missioner va ularning oila a’zolarini o‘g‘irlab ketilgani hakida xabar qildi. O‘g‘irlanganlar orasida bolalar va ayollar bor. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, missionerlar aeroportga yo‘l olgan avtobusdan o‘g‘irlangan.
NYT ta’kidlashicha, Gaitida ko‘p yillar davomida siyosiy notinchlik hukm surmoqda. Mamlakatda boylarni ham, kambag‘allarni ham o‘g‘irlash odatiy hol. Garchi, mamlakat avj olgan qonunbuzarlik va jinoyatlarga «o‘rganib qolgan» bo‘lsa-da, amerikalik bunday katta guruh o‘g‘irlanishi bezbetligi bilan rasmiylarni larzaga soldi.
Nashr xavfsizlik holati yomonlashishini ikki yil oldin bo‘lgan norozilik namoyishlari bilan bog‘laydi. O‘shanda namoyishchilar keng tarqalgan korrupsiyaga qarshi chiqib, muassasa va tashkilotlar ishini to‘xtatib qo‘yishgan edi. Shundan beri to‘dalar "kuchaydi", deb yozadi gazeta.
Vaziyat 2021 yilning iyul oyida prezident Jovenel Moise o‘ldirilishi va bir necha haftadan so‘ng zilzila sodir bo‘lib, 2,2 mingdan ortiq odam halok bo‘lishi bilan keskinlashdi. NYTning bahosiga binoan, to‘dalar poytaxtning yarmini nazorat qilmoqda.
Gaiti Bosh vaziri Ariel Genri BMT Bosh assambleyasida mamlakatdagi migratsion inqiroz qashshoqlik, davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat va tengsizlik tufayli yuzaga kelganini aytdi. U xalqaro hamjamiyatni siyosiy yoki iqtisodiy sabablarga ko‘ra qochqinlar ko‘payayotgan mamlakatlarda yashash sharoitini yaxshilash uchun tezkorlik bilan harakat qilishga chaqirdi.
Avvalroq AQSh minglab Gaiti muhojirlarini deportatsiya qilayotgani haqida xabar berilgan edi. O‘n mingdan ziyod odam Texasning Del-Riosini meksikalik Syudad Akunya bilan bog‘laydigan ko‘prik ostidagi vaqtinchalik lagerga yig‘ilishgan.
G.XOLDOROVA tayyorladi.