G‘alvir suvdan ko‘tarilganda
24 dekabr kuni o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashining ellik ikkinchi sessiyasida asosan rahbarlarning hisobotlari eshitildi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyathokimi E.Turdimov boshqardi.
Garchi, Samarqand uchun yangi tajriba bo‘lmasa-da, yangi tartibga ko‘ra, bu galgi sessiya viloyat hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda viloyat teleradiokompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Dastlab bir qator masalalar, tegishli ma’lumotlar deputatlarga tarqatilgani bois, tasdiqlab olindi.
Jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 19 martdagi 184/26-VI-sonli qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan manzilli dasturdagi yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lardan iqtisod qilingan mablag‘larni viloyatdagi ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlashga yo‘naltirish haqidagi, Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun shahar va tumanlar kesimida iqtisodiy ijtimoiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkalarini belgilash to‘g‘risidagi, Toyloq tumanining “Bog‘izog‘on”, “Olmazor”, “Qo‘shchinor” va “Talliota”, Narpay tumanining “Guliston”, “Dedan”, “Charxin” va “Xo‘jaqo‘rg‘on” hamda Jomboy tumanining “G‘azira”, “So‘xmon” mahalla fuqarolar yig‘inlari bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlash haqidagi, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan maqsadli foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, deputatlar Qobilov Rustam Rajabboyevichni viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga, Jabborov Isroil Ismoilovichni viloyat hokimining o‘rinbosari – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tasdiqladilar.
Shundan so‘ng, Urgut tumani hokimi B.Jabborov ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi.
B.Jabborov dastur ijrosi haqidagi ma’lumotlar deputatlarga tarqatilgani sababli, asosan 2022 yilga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Jumladan, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha jami 2 trillion 263 milliard so‘mlik 123 ta loyihani amalga oshirish va 3673 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgani ta’kidlandi. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida kelgusi yilda 115,5 million dollarlik 24 ta yangi loyiha ishga tushiriladi va 6 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi. Sariqtepa mahallasidagi kichik sanoat zonasida esa 166 milliard so‘mlik 41 ta yangi loyiha ishga tushiriladi. Bu kabi loyihalar natijasida 2 trillion 283 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 6,5 foiz o‘sishga erishiladi.
Kelgusi yilda yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari Urgutda ham “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil etiladi. Buning uchun Mergancha massividan joy ajratilib, loyihalar tasdiqlangan. Bu yerda 3056 xonadonli 60 ta ko‘p qavatli uy, 3360 o‘rinli 2 ta umumta’lim maktabi, 560 o‘rinli 4 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy poliklinika va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, istirohat bog‘i quriladi. Tuman ma’muriy markazi ham mazkur hududga ko‘chiriladi.
Deputatlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni ma’qullagan holda Urgutda eng dolzarb hisoblangan – yo‘llarni ta’mirlash, aholini uy-joy bilan ta’minlash, yer fondi hisob-kitobini to‘g‘ri yuritish, savdo sohasidagi soliq tartiblariga qat’iy rioya etish, aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish masalalalariga to‘rt sektor rahbari ham jiddiy e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidladi.
Bolalar masalalari bo‘yicha hududiy komissiya raisining o‘rinbosari – Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig‘i L.Yaxshilikov davlatimiz rahbarining 2021 yil 8 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar hamda komissiyaning 2021 yildagi faoliyati haqida axborot berdi.
Qayd etilishicha, yangi tartib bo‘yicha bolalarning oila bag‘rida voyaga yetishi uchun shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun Mehribonlik uyi, Bolalar uyi va “SOS O‘zbekiston bolalar uyushmasi” tarbiyalanuvchilarining ijtimoiy kelib chiqishi o‘rganildi. Natijada 1-Mehribonlik uyidan 38 nafar, viloyat Bolalar uyidan 17 nafar, “SOS O‘zbekiston bolalar uyushmasi” Samarqand filialidan 11 nafar bola o‘z oilasiga qaytarildi. Bu oilalarda mavjud ijtimoiy muammolar hokimliklar tomonidan bartaraf etildi.
Shu yilning o‘zida Samarqand shahrida 3 ta, Oqdaryo, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida bittadan oilaviy bolalar uylari tashkil etildi. Hozirda ularda 36 nafar bola oila muhitida o‘smoqda.
L.Yaxshilikovning aytishicha, joriy yilning sentyabr oyidan bugungi kunga qadar jami 2195 nafar tarbiyasi og‘ir, diviant o‘quvchilar aniqlanib, ular bilan profilaktik tadbirlar olib borilgan. Bu bolalarning yashash xonadonlariga borib, 1903 nafari bilan ota-onasi ishtirokida suhbatlar olib borilgan bo‘lsa, 353 nafariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-modda 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. 1952 nafar tuzalish yo‘liga kirganligi sababli nazoratdan chiqarildi.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlanayotgan bo‘lsa-da, Toyloqda 3 nafar, Payariq tumanida 4 nafar, Past Darg‘omda 3 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashda hokimliklar tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.
Komissiya raisi o‘rinbosari shu va yana boshqa masalalar yuzasidan deputatlardan yordam so‘radi. Yaqinda Samarqand shahridagi 63-maktab o‘quvchisi bilan yuzaga kelgan noxush holatdan kelib chiqib, ta’lim muassasalarida qizlarning tibbiy madaniyati va ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Sessiyada viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i A.Raimjonov davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan konsepsiyaning 2019-2021 yillarda viloyatdagi ijrosi yuzasidan hisobot berdi.
Boshqarma boshlig‘i konsepsiya asosida tabiatni asrab-avaylash, yer, suv va o‘rmon resurslaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish, chiqindini tashish va qayta ishlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, joylarda qonunbuzilish holatlari, qoidalarga bepisandlik uchrayotganini qayd etdi. Bu ayniqsa, daraxtlarni kesish va o‘rmon fondiga zarar yetkazish, suv manbalaridan noto‘g‘ri foydalanish, Zarafshon daryosi va boshqa joylardan noqonuniy ravishda qum va shag‘al kavlab olish, chiqindi poligonlari tashkil etishda yaqqol ko‘zga tashlanayotgani ta’kidlandi.
– 2020-2023 yillarda viloyatimizdagi 18 ta korxonada zamonaviy lokal oqova tozalash inshootlarini o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish belgilangan, – dedi A.Raimjonov. – Bu vazifa ijrosi 10 ta korxona tomonidan ta’minlangan. Lekin “Maroqand neft baza”, “Qo‘shrabot Briks Invest”, “Yunusjon Ahli”, “Agro Farovon Zamin”, “Agromir Adas”, “Urgut China Kartons” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, “Baxt” xususiy korxonasi, “Issiqlik manbai” DUK Nurobod filialida ushbu ishlar yakunlanmagan.
Viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi direktori S.Ziyodullayevning joriy yilgi davlat dasturi asosida viloyatimiz shahar va tumanlari markazlarini obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotida keltirilishicha, viloyat bo‘yicha 91,6 kilometr piyodalar va 89 kilometr velosiped yo‘laklari tashkil etilgan. 55,1 kilometr irrigatsiya tizimi yaratilib, 2646 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Ushbu maqsadlar uchun 109 milliard 264 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek, sessiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi viloyat bo‘limi rahbari M.Soliyevning viloyatda 2021 yilda xorijiy tillarni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda 2022 yilda sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.