Germaniya O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi eksport salohiyatini tan oladi

Shu kunlarda poytaxtimizda Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi (BMEL) tomonidan moliyalashtirilgan ikki tomonlama hamkorlik dasturini (ITHM) ishlab chiqish borasida muzokaralar jarayoni davom etmoqda.

Mazkur hamkorlik dasturida O‘zbekiston agrar kompleksi uchun bir qator muhim masalalar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan organik qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi va ularni moliyalashtirish kabi masalalar o‘rganiladi. Loyiha rahbari, Germaniyaning “GFA Consulting Group GmbH” kompaniyasi bosh agenti, janob Malta Myuller boshchiligidagi delegatsiya vakillari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida bo‘ldi.

Mehmonlar universitet salohiyati va unda faoliyat olib borayotgan o‘quv va ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi.

Germaniya qishloq xo‘jaligini mexanizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratadi. Aholining atigi 2-3 foizi (Germaniya aholisi 82 mln. dan ortiq) mazkur sohada mehnat qilmoqda va yuksak natijalarga erishilmoqda. Yangi agrosanoat texnologiyalarining amaliyotga joriy etilishi va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash tufayli yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan. Germaniyada yetishtiriladigan bug‘doy mamlakat ehtiyojining 80 foizini, shakar 85 foiz, go‘sht 60 foiz, sut 100 foizini qondiradi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining to‘rtdan uch qismi chorvachilik orqali keladi. Shu bilan birga, Germaniya qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos iqlimi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarining oziq-ovqat bozoriga kirishi uchun sharoit yaratadi. Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad ham shu.

Loyihaga binoan mutaxassislar zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda barqaror ekin yetishtirish, chorvachilik sohasida ish yuritishning ilg‘or nemis usullari, shuningdek, fermer xo‘jaliklarini boshqarish ko‘nikmalari O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi va bunda universitet olimlari, tadqiqotchilari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini  Germaniya bozorlariga yetkazib berish, xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda O‘zbekistonning brend mahsulotlarini namoyish etish, logistika kompaniyalarini tashkil qilish va, umuman, O‘zbekistonning bu boradagi eksport salohiyatini namoyon qilish ikki tomonlama hamkorlik loyihasining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Kompaniya vakillari 21 iyundan  27 iyunga qadar malakatimizda mehmon bo‘ladi. Chorvachilikka va qishloq xo‘jaligining boshqa sohalari bilan shug‘ullanadigan xo‘jaliklarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishadi.