Gidrometeorologiya xodimlari ob-havoni qanday aniqlaydi?
2020 yil 17 noyabrda davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator yumushlar belgilab olindi.
Jumladan, gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish, sohani yetuk kadrlar va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berildi. Qurilganiga 80 yildan oshgan bu binoda faoliyat yuritayotgan viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi xodimlarining ham qilinajak yumushlari ko‘p. Shu jumladan, yangiliklar ham.
Bugun gidrometeorologiya xodimlari havo haroratini, namligini, shamol tezligini, atmosfera bosimini, tuproq haroratini, bulutlar miqdori va ularning quyi chegarasini aniqlash maqsadida bir kunda 8 marta kuzatuv ishlarini olib boradi. Har uch soatda tumanlardagi ma’lumotlar viloyat gidrometeorologiya boshqarmasida yig‘iladi.
Ob-havoning tozaligi bo‘yicha Samarqand shahrida to‘rtta post 10 ta kimyoviy modda bo‘yicha tekshirish ishlarini olib boradi. Har kuni uch mahal laboratoriya tahlillari o‘tkaziladi. Shu orqali qaysi hududda qaysi kimyoviy modda oshgani haqidagi ma’lumotlar jamlanadi.
Viloyat gidrometeorologiya boshqarmasida nafaqat ob-havo ma’lumotlari, balki atmosfera havosining ifloslanish darajasi, daryo va suv havzalarining tarkibi, daraxtlar va o‘simliklarni rivojlanishida ob-havoning ta’siri ham o‘rganiladi. Mutaxassislarning aytishicha, bu yil nisbatan sovuq havo oqimi ko‘p bo‘lganligi uchun g‘allaning o‘sish sur’ati past. Umuman, sanoat korxonalarini barpo etishda, shamol tegirmonlarini qurishda gidrometeorologiya ma’lumotlarining aniq prognozi juda muhim.