Hademay test sinovlari boshlanadi, "tanish-bilish"chilikka dadil qarshi turaylik
Ushbu saytda shu yilning 11 iyulida “Tovlamachiga emas, testga ishoning” maqolasi qo‘yildi. Unda yuritilgan mulohaza va takliflarni o‘qib, o‘z fikrlarimni bildirish uchun qog‘oz qoraladim. Zero, ayni paytda abituriyentlarning test sinovlari jarayonlari boshlanadigan kunlar oldida turibmiz. Shu jihatdan bu dolzarb mavzu.
Gap farzandlarimizning oliy dargohlarga kirib o‘qishi, buning uchun test sinovlarining adolatli bo‘lishi zarurligi haqida borar ekan, o‘tgan asrning 60-yillari o‘rtalarida biz, abituriyentlarning o‘qishga kirish uchun imtihon topshirganimiz ko‘z oldimdan o‘tdi. O‘shanda men 12 baho (u paytda baho qo‘yilardi) bilan, ko‘pchilik esa 19-20 baho bilan o‘qishga kirgandik. O‘zimcha «Olis qishloqlik, oddiy bola bo‘lsam, mening bilimim boshqalarnikidan past-da, imtihonlar haqqoniy o‘tdi», deb o‘ylaganman. Lekin vaqt o‘tib, kursdoshlarimning ba’zilari o‘qish uchun emas, Toshkent davlat universitetining studenti degan nom uchun talaba bo‘lgani ayon bo‘ldi, ya’ni leksiyalarga qatnashmas, darslarga tayyorlanmas, o‘qishni bir chetga yig‘ishtirishgandi.
Xo‘sh, ular o‘qishga qanday kirgan? Sovet davrida korrupsiya yo‘q edi deysizmi? Hamma halol-pokiza edimi? Afsuski, yo‘q: oliygohda ham, uning tashqarisida ham korrupsionerlar bor edi.
Ming afsuski, bugungi kunda ham bunday holat yo‘q emas. Oliy o‘quv yurtiga kirishni xohlagan abituriyentlarning ayrimlari shaharda yurish yoki diplom olish uchun test sinovlarida ishtirok etadi. Tabiiyki, ularning ortida «mehribon ota-ona»lari bor. Ular farzandining bilimiga ishonmay, chor atrofga chopadi: «Pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin, o‘g‘lim (qizim) o‘qishga kirsin!». Mana shu oddiy niyat ko‘pchilikni poraxo‘rlikka, jinoyatga yetaklaydi. Oqibatda ota-ona oliygohlarda ishlab tanilgan, qo‘lidan oz-moz ish keladigan «domla»larga murojaat qiladi, o‘z maqsadini, o‘qishga kirish stavkasini belgilaydi. Yo‘l-yo‘lakay bilimgohning chaqqon katta-kichiklari ham bu «ish»ga bosh qo‘shadi, ehtiyojmand ota-onani ishontirib, katta va’dalar beradi. Xo‘sh, aytingchi, bu yerda haqiqiy tovlamachi kim? Soxta domlami yoki ota-ona?
Darvoqe, gazetaning keyingi sonlarida ham shu mavzuga oid “O‘qituvchi o‘quvchiga yetarli bilim bera oldimi?”, “Qonunlar ijrosi to‘liq ta’minlansa, korrupsiya yo‘qoladi” kabi maqolalar berildi. Ularda bilimsizlik jamiyatni boshqara olmasligi, korrupsiyaga qarshi kurashni har bir rektor o‘zi rahbarlik qilayotgan oliygohda dadil amal oshirishi samara berishi kabi fikrlar yuritildi, takliflar ilgari surildi.
Shu o‘rinda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, yetuk olim G‘aybulla as-Salomning bir gapi yodimga keldi: “Toshkentni orqamga tashlab, Samarqand universitetiga ishga keldim, meni o‘qitgan alloma, universitet rektori Vohid Abdullayevdan (u yoqdan katta ishni tashlab kelganman-ku) yuqori lavozimlardan birini kutyapman. Shu umid bilan bir yilgacha oddiy o‘quvchi bo‘lib ishlab yurdim. Rektor so‘ramaydi, men jim. Bir ma’rakada domla bilan ko‘rishib qoldik. «G‘aybullajon, hammasini bilaman, ammo bu joyni Samarqand deydilar. Ko‘rib turibsiz, barcha lavozimda o‘tirgan kishilarning bilimi, nufuzi menikidan kam emas» deganlarida yana ko‘rpamni orqamga ortib, Toshkentga, o‘sha katta ishimga qaytib ketganman”.
Demoqchimanki, Samarqandda bilimlilar, zukko insonlar, aql-zakovatli yoshlar ko‘p. Shu bois azaldan Samarqand ana shunday mutaxassislar bilan ta’minlangan, uning kelajagi qalbi toza, dili pok insonlar bilan ardoqlangan. O‘zbekistonning qaysi burchagidan bo‘lmasin Samarqandda o‘qishga intiluvchilarning ko‘pligi shundan.
Hademay test sinovlari boshlanadi. Ota-onasining puli bilan nomiga talaba bo‘lishni istayotganlar yonida o‘n minglab bilimga chanqoq o‘g‘il-qizlarimiz bor. Ular o‘z bilimi bilan o‘qishga kirishga otlangan. Ularning yorug‘ istagi, yonib turgan ko‘zlariga teran boqaylik, ular taqdiriga befarq bo‘lmaylik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaylik. Zero, bugungi yangilik, zamonaviy texnikalashgan taraqqiyotni, ko‘p tilni biluvchi, aqlli, dunyoqarashi keng, ilg‘or fikrlovchi yoshlargina boshqara oladi.
Jumaqul Karim.