Halol-pok ishlay olasizmi?
24 mart kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokama etildi.
Obod joy qanday bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz. Aniqrog‘i, har kim o‘z dunyoqarashicha, tasavvuricha va albatta, imkoniyatiga qarab obodlikni anglaydi, shunga intiladi. Lekin har qanday kishi, avvalo, hayot kechirish uchun munosib sharoitni istaydi. Bu – boshpana, suv, elektr energiyasi, bor bo‘lsa tabiiy gaz, bo‘lmasa suyultirilgan gaz ballon, yo‘l, transport bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Birlamchi bu sharoit bo‘lsa, keyin transport-kommunikatsiya infratuzilmasi, zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, madaniyat va dam olish maskanlari haqida o‘ylaydi.
Keyingi yillarda tilimizda paydo bo‘lgan va bugun shaharliklardan boshlab olis qishloq va ovullar aholisigacha faol qo‘llayotgan, orzu qilayotgan “obod qishloq”, “obod mahalla” degan tushunchalar, dasturlar aynan shu – yurtdoshlarimiz munosib hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoit yaratishni o‘zida mujassam etmoqda.
“Manas”dan boshlanib, keyin mamlakatimizning barcha hududlarida davom etgan bu dasturlar tufayli har bir viloyatda yillar davomida rahbarlar, yo‘lchilar, quruvchilar oyog‘i yetmagan o‘nlab qishloqlar obod bo‘ldi, aholining yaxshi yashashi uchun zarur bo‘lgan nainki oddiy sharoit, balki shahardagidan qolishmaydigan imkoniyatlar yaratildi. Endi o‘sha qishloq va mahallalar nomi oldiga “obod” so‘zini qo‘shib aytishga ham odatlandik.
Bu balandparvoz gap emas. Qayerdaki zarur miqdorda mablag‘ ajratilib, belgilangan ishlar to‘la-to‘kis bajarilgan bo‘lsa, shunday sharoit, imkoniyat yaratildi. Pul berilmay turib, zo‘rma-zo‘raki “homiylik”, do‘q-po‘pisa bilan dasturni bajarishga urinish esa aks natija berganini, qurilishlar chala qolgani yoki yildan-yilga o‘tganini ham ko‘rdik.
Ba’zida esa hududlarni dasturga kiritishda “falonchining qishlog‘i, falonchi tug‘ilib o‘sgan joy” degan qarash bilan yondashilib, yordamga muhtoj aholi yashayotgan qishloq, mahallalar qolib ketgani ham haqiqat.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, endi hammasi boshqacha bo‘ladi:
- “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilaydi;
- tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari zarur mablag‘lar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi;
- mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma ob’yektlari manzilli dasturini tasdiqlaydi, qurilish vazirligi hokimliklar bilan birga ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi;
- dasturlarga kirgan aholi punktlarining “tibbiy xaritasi” shakllantiriladi;
- sektor rahbarlari o‘z hududida bajarilayotgan ishlar bo‘yicha mahalliy kengashlar hamda OAV orqali aholiga hisobot berib boradi.
Eng muhimi, bu yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi ishlarga misli ko‘rilmagan mablag‘ – 21 trillion so‘m yo‘naltiriladi va mamlakatimiz bo‘yicha 8 ming mahalla qamrab olinadi.
Endi hamma gap ana shu mablag‘ni o‘z o‘rnida, loyiha bilan, halol-pok ishlatib, elga munosib sharoit yaratishda. Mahalliy kengashlar deputatlarining har bir qishloq, mahalla shart-sharoitini hisobga olgan holda, ijtimoiy muammolari, infratuzilmasi og‘ir hududlarni tanlab, dasturga kiritishida.
Darvoqe, “halol-pok ishlatish, ishlash” jumlasi yig‘ilishda ko‘p takrorlandi. Vazir va hokimlar, turli darajadagi rahbarlarning bu boradagi mas’uliyati, javobgarligi eslatildi. Xalqning davlatdan, rahbarlardan roziligi, ertangi kunga ishonchi ko‘p jihatdan mas’ullarning halol-pokligi, vazifaga vijdonan yondashishiga bog‘liqligida ekanligi ta’kidlandi.
Videoselektor yig‘ilishida Payariq tumani hokimi D.Musinov ham muhokama etilgan masala yuzasidan hisobot berdi. Uning qayd etishicha, bu yil tumanga barcha manbalar hisobidan 83 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda (o‘tgan yil 24 milliard so‘m ajratilgan).
– Bu mablag‘ning 24,4 milliard so‘mi “Obod qishloq” dasturi doirasida asosan respublika va mahalliy byudjet, 16,7 milliard so‘mi to‘liq respublika byudjeti hisobidan investitsiya dasturi doirasida,
5,3 milliard so‘mi ichimlik suvi va oqova suv ta’minoti dasturi hisobidan, 14,8 milliard so‘mi ichki yo‘llar dasturidan, 10,2 milliard so‘mi elektr tarmoqlari dasturi hisobidan, 6,2 milliard so‘mi tuman markazlari va infratuzilmasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha ajratiladi, – deydi D.Musinov. – Ushbu mablag‘ni aql bilan hisob-kitob qilib, halol-pok ishlatishimiz, xalqimiz farovonligini oshirishga yo‘naltirishimiz kerak. Dasturga tushgan qishloqlarimizda xalq deputatlari tuman Kengashining sayyor sessiyalarini o‘tkazib, aynan shu masalalarni muhokama qilib oldik, mahallalar faollari, oqsoqollar bilan maslahatlashdik. Hozirda tumanimizda 65 mahalla, 210 qishloq bor. Ajratilayotgan mablag‘larni tejab ishlatish hisobiga 33 mahalla va 56 qishloqni to‘liq qamrab olamiz. Jumladan, 69 qishloqda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanadi, 30 ta yangi transformator, 2500 dona eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtiramiz, 121 kilometr tarmoq tortiladi. 28 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortish va 5 ta suv inshooti o‘rnatish uchun ajratilayotgan 5,3 milliard so‘m mablag‘dan maqsadli foydalanib, 39 kilometr tarmoq tortishni rejalashtirganmiz. Boshqa sohalar bo‘yicha ham aniq reja va maqsadlarni belgilab oldik.
Yig‘ilishda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan ishlarni o‘n kun ichida boshlash va joriy yil 1 noyabrga qadar yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Demak, jarayonni birgalikda kuzatib boramiz.
G‘olib Hasanov.